Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida foydalanishdan chiqqan yerlarni foydalanishga kiritishni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (972-son)
06.12.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmoniga muvofiq hamda qishloq xoʻjaligida tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohaga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb etishni ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan, foydalanilmayotgan boʻz va yaylov, shuningdek, oʻrmon fondi yerlarini foydalanishga kiritish va ulardan samarali foydalanishni sinov tariqasida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlari qishloq xoʻjaligida qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining manzilli roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligiga Moliya vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi va Namangan viloyati hokimligi bilan kelishgan holda 1-ilovadagi manzilli roʻyxatga, zaruratga koʻra, oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi loyiha boʻyicha davlat sherigi;
Namangan viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi — loyiha buyurtmachisi hisoblanadi.
4. Namangan viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarida yaratiladigan zarur infratuzilma obyektlarini loyihalashtirish boʻyicha bir oy muddatda belgilangan tartibda tanlov eʼlon qilinishini;
loyihalar roʻyxati shakllantirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi mazkur qarorga 1-ilovada qayd etilgan yer maydonlarida yaratiladigan infratuzilma obyektlarining loyihalarini ishlab chiqishni tender asosida tashkil etishda loyiha buyurtmachisiga koʻmaklashsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) bilan birgalikda:
qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan, foydalanilmayotgan boʻz yerlarni va yaylovlarni, shuningdek, oʻrmon fondi yerlarini foydalanishga kiritish va ulardan samarali foydalanishda davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqsin va ikki oy muddatda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlasin;
oʻz rasmiy veb-saytlarida davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini tayyorlash jarayonida xususiy sheriklar tender oʻtkazish orqali tanlab olinishi haqidagi maʼlumotlarni joylashtirsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki:
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tender natijalariga koʻra tuziladi;
loyihani amalga oshirish doirasida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim tuzgan xususiy sherikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 17-iyundagi PF-5742-son Farmonida belgilangan imtiyozlar beriladi;
loyiha doirasida qurilgan, barpo etilgan, rekonstruksiya qilingan davlat-xususiy sheriklik loyihasini roʻyobga chiqarish doirasida amalga oshiriladigan suv, energetika, transport va boshqa zarur infratuzilma obyektlari davlat-xususiy sheriklik obyektlari hisoblanadi, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati tugagandan keyin ushbu obyektlar davlat sherigiga qaytariladi.
8. Quyidagilar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida foydalanishdan chiqqan yerlarni foydalanishga kiritish loyihalarini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
xususiy sherikning mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari mablagʻlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi boʻyicha tender gʻolibini aniqlash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda komissiya deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Komissiyaga:
qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan, foydalanilmayotgan boʻz yerlarni va yaylovlarni, shuningdek, oʻrmon fondi yerlarini foydalanishga kiritish va ulardan samarali foydalanishni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etish toʻgʻrisidagi loyihalarni koʻrib chiqish, maʼqullash, rad qilish yoki qayta ishlash haqida qarorlar qabul qilish;
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini va zarur hujjatlar toʻplamini koʻrib chiqish uchun Agentlikka taqdim etish;
loyihaning barcha moliyaviy va iqtisodiy tavsiflari kiritilgan holda uni amalga oshirish haqida tegishli qaror qabul qilish;
belgilangan tartibda tanlov hujjatlarini ishlab chiqish, tanlovni tashkil etish va oʻtkazish hamda uning yakunlari boʻyicha xususiy sherik bilan tegishli davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzilishini tashkil etish vazifalari yuklansin.
Komissiya davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni tuzish huquqini beruvchi tenderni oʻtkazishda tender mezonlari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlasin.
11. Namangan viloyati hokimligi mazkur qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan yer maydonlari komissiya qaroriga koʻra gʻolib deb topilgan xususiy sheriklarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish uchun ajratilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish natijasida foydalanishga kiritilgan yer maydonlarining doimiy monitoringini olib borsin.
13. Belgilansinki, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar tashabbuskorlari tomonidan investitsiya majburiyatlari bajarilmaganda, ajratilgan yer uchastkalaridan oqilona foydalanilmaganda yoxud tuproq unumdorligining pasayishiga, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof-muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin obyektlarining paydo boʻlishiga yoki tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda yer uchastkasining ijara shartnomasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bekor qilinadi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan sugʻoriladigan, foydalanilmayotgan boʻz yerlarni va yaylovlarni, shuningdek, oʻrmon fondi yerlarini foydalanishga kiritish va ulardan samarali foydalanishni davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etishga hamda toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy va xorijiy investitsiyalarni kiritishga xohishi boʻlgan investorlarni faol jalb qilish boʻyicha zarur tashkiliy-amaliy choralarni koʻrsinlar.
15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov va Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev hamda Namangan viloyati hokimi X.X. Bozarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-dekabr,
972-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 972-son qaroriga 1-ILOVA
Namangan viloyatining Pop va Minbuloq tumanlari qishloq xoʻjaligida qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan yer maydonlarining
MANZILLI ROʻYXATI
T/r Hududlar nomi Konturlar soni Foydalanishga kiritiladigan yer maydoni, gektar Pop tumani 1. Pop-yakkatut 50 150,4 2. Vodiy massivi 15 426,2 3. Chodak massivi 105 1762,7 4. Navbaxor massivi 37 155,9 5. Nayman massivi 12 70,9 6. Qoʻshtepa massivi 9 101,3 7. Sh. Mirsultonova massivi 11 122,1 8. Doʻstlik massivi 19 387,7 9. Mashʼal massivi 8 62,2 10. Oʻzbekiston massivi 26 197,6 11. Gʻurumsaroy massivi 22 549,1 12. Chorkesar massivi 18 1177,8 13. Pop ixtisoslashgan davlat oʻrmon xoʻjaligi 144 2000,7 Tuman boʻyicha jami: 7164,6 Mingbuloq tumani 1. Guliston massivi 82 379,5 2. Navoiy massivi 125 465,4 3. Istiqbol massivi 9 47,4 4. Fargʻona massivi 15 94,3 Tuman boʻyicha jami: 986,6 Jami: 8151,2
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-dekabrdagi 972-son qaroriga 2-ILOVA
Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlarida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi boʻyicha tender gʻolibini aniqlash uchun tender komissiyasining aʼzolari
TARKIBI
1. Xodjayev J. Qishloq xoʻjaligi vaziri (komissiya raisi) 2. Roʻziboyev B. Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari 3. Tursunov Yo. Moliya vazirining oʻrinbosari 5. Kadirxodjayev A. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari 6. Karimov I. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari 7. Roʻzmetov M. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari 8. Xakimov O. Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari 9. Xoljigitov Gʻ. Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori 10. Rapiqov T. Namangan viloyati hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari 11. Djakupov M. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Loyihalarning texnik iqtisodiy asoslarini baholash va tanlov savdolarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshligʻi
