50-modda. Mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik shakllari
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari ijtimoiy sheriklikni quyidagi shaklda amalga oshirishi mumkin:
jamoa shartnomalari, kelishuvlari loyihalarini tayyorlash va ularni tuzish, shuningdek jamoa shartnomalariga, kelishuvlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha jamoa muzokaralari oʻtkazish;
jamoa shartnomalari va kelishuvlarining bajarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
tashkilotlarning lokal hujjatlari loyihalarini kelishib olish;
xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan taraflarning oʻzaro maslahatlashuvlari;
tashkilotlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari huzuridagi tegishli jamoatchilik kengashlarida ishtirok etish.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari ijtimoiy sheriklikda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda ham ishtirok etishga haqli.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari ijtimoiy sheriklik doirasida hamkorlikdagi tadbirlarni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqishi, ularni tashkil etishi, shuningdek ularda ishtirok etishi mumkin.
