46-modda. Jamoatchilik nazoratining natijalari
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Jamoatchilik nazoratining natijalari boʻyicha bayonnoma, xulosa, maʼlumotnoma, koʻrsatma, taqdimnoma shaklidagi yohud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakldagi yakuniy hujjat tayyorlanadi.
Yakuniy hujjatda bayon etilgan axborot, tavsiyalar va takliflar davlat organlari hamda ish beruvchilar tomonidan majburiy tartibda koʻrib chiqiladi va ular yuzasidan qarorlar qabul qilinadi. Davlat organlari va ish beruvchilar koʻrib chiqish natijalari haqida tegishli kasaba uyushmalarini, ularning birlashmalarini xabardor qiladi.
Ish beruvchilar, ularning birlashmalari (ittifoqlari, uyushmalari), ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan jamoa shartnomasining, kelishuvining shartlari buzilgan taqdirda, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari ularga bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma yuborishga haqli boʻlib, taqdimnoma bir haftalik muddatda koʻrib chiqiladi. Bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish rad qilingan yoki belgilangan muddatda kelishuvga erishilmagan taqdirda, kelishmovchiliklar qonunchilikka muvofiq koʻrib chiqiladi.
Xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining buzilishi faktlari aniqlangan taqdirda, kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari materiallarni Davlat mehnat inspeksiyasiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborishga haqli.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari jamoatchilik nazorati natijalarini eʼlon qilishga haqli.
