45-modda. Kasaba uyushmalarining inspektorlari huquq va majburiyatlari
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalarining inspektorlari oʻz faoliyatini amalga oshirish chogʻida:
davlat organlaridan, tashkilotlardan, ularning mansabdor shaxslaridan, ish beruvchilardan, ularning birlashmalaridan (ittifoqlaridan, uyushmalaridan) oʻz vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnomalarni va boshqa hujjatlarni, statistik maʼlumotlarni hamda boshqa axborotni soʻrash va bepul olish;
sudlarda va mehnat nizolarini koʻrib chiqadigan boshqa organlarda xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun oʻz tashabbusiga koʻra yohud xodimlarning iltimosiga binoan vakillar sifatida ishtirok etish;
xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida, shuningdek kasaba uyushmasi aʼzolarining murojaatlari asosida tashkilotlarga, ish joylariga borish;
xodimlarning mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va ularning sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetganligini hamda kasb kasalliklarini tekshirishda belgilangan tartibda ishtirok etish huquqiga ega.
Kasaba uyushmalarining inspektorlari:
qonunchilik talablariga rioya etishi;
tashkilotlarning moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashmasligi;
oʻz vazifalarini amalga oshirish chogʻida tanishishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish yoki tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmasligi, shu jumladan lavozimidan ketganidan keyin ham oshkor etmasligi;
tegishli kasaba uyushmasi organiga xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning buzilishlarini aniqlaganda, shuningdek mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish hamda ularning oldini olish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda axborotni taqdim etishi shart.
Kasaba uyushmalarining inspektorlari tomonidan taqdim etiladigan axborot tegishli kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari tomonidan umumlashtiriladi va ularning rasmiy veb-saytlarida, shuningdek, zarur boʻlgan hollarda, boshqa manbalarda har yili, kelgusi yilning 1-mayidan kechiktirmay eʼlon qilinishi lozim.
Kasaba uyushmalarining inspektorlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi hamda ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
