43-modda. Jamoatchilik ekspertizasi
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlariga taalluqli boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, davlat organlarining, ish beruvchilarning, ular birlashmalarining (ittifoqlarining, uyushmalarining) qarorlari loyihalarini, shuningdek jamoa shartnomalari va kelishuvlari loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazishi mumkin.
Kasaba uyushmasi, kasaba uyushmalarining birlashmasi normativ-huquqiy hujjat, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat loyihasining mazmunidan umuman yoki uning biror-bir qismidan norozi boʻlgan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatni, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatni qabul qiluvchi organga tegishli xulosa kiritishga haqli.
Kasaba uyushmasining, kasaba uyushmalari birlashmasining xodimlar huquq va qonuniy manfaatlariga toʻsqinlik qiluvchi yoki ularni cheklovchi normativ-huquqiy hujjatlarga, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek bunday hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish zarurligi toʻgʻrisidagi tavsiyalari va yozma soʻrovlari koʻrib chiqilishi shart boʻlib, ularni koʻrib chiqish natijalari haqidagi asosli xulosalar keyinchalik kasaba uyushmasiga, kasaba uyushmalarining birlashmasiga yuboriladi.
Ish beruvchilarning qarorlari, jamoa shartnomalari va kelishuvlari loyihalarining jamoatchilik ekspertizasi kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
