38-modda. Murojaatlar va soʻrovlar
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari davlat organlariga, ularning mansabdor shaxslariga, ish beruvchilarga, ularning birlashmalariga (ittifoqlariga, uyushmalariga) arizalar, shikoyatlar va takliflar bilan murojaat qilishga, ularga soʻrovlar yuborishga haqli.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari olingan axborotni davlat organlarining, ish beruvchilarning, ular birlashmalarining (ittifoqlarining, uyushmalarining), tashkilotlar kollegial boshqaruv organlarining vakillari ishtirokida muhokama qilishga haqli.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnomalarni hamda boshqa hujjatlarni davlat organlaridan soʻrab olishga, shuningdek soʻralgan hujjatlarni yoki ularning tasdiqlangan koʻchirma nusxalarini berishi shart boʻlgan tashkilotlardan soʻrab olishga haqli.
Kasaba uyushmalarining, ular birlashmalarining, boʻlinmalarining, boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining axborotga boʻlgan huquqi, agar mazkur axborot qonunda belgilangan tartibda shaxsga doir maʼlumotlar yoxud davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar jumlasiga kiritilgan boʻlsa, cheklanishi mumkin.
