33-modda. Mehnatni muhofaza qilish sohasidagi huquqlar
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha davlat dasturlarini shakllantirishda ishtirok etish huquqiga ega.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari mehnatni muhofaza qilish sohasida:
tashkilotlarning rahbarlaridan va boshqa mansabdor shaxslaridan mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida, shuningdek ishlab chiqarishdagi barcha baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklari haqida axborot olish;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarini tekshirishda ishtirok etish;
xodimlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf tugʻilgan hollarda ishlarni toʻxtatib turish toʻgʻrisida, shuningdek mehnatni muhofaza qilish talablarining buzilishlarini bartaraf etish haqida ish beruvchiga takliflar kiritish;
mehnatni muhofaza qilishning holatini oʻrganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilishga doir majburiyatlarining bajarilishini nazorat qilish;
loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan va foydalanilayotgan ishlab chiqarish obyektlarida mehnat sharoitlarining xavfsizligi ekspertizasida, shuningdek loyihalashtirilayotgan va foydalanilayotgan ishlab chiqarish vositalarining xavfsizligi ekspertizasida ishtirok etish;
ishlab chiqarish obyektlarini va ishlab chiqarish vositalarini sinovlardan oʻtkazish hamda foydalanishga qabul qilish boʻyicha komissiyalarning ishida mustaqil ekspertlar sifatida ishtirok etish;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi majlislarida ishtirok etish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va mehnatni muhofaza qilish masalalari boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
mehnatni muhofaza qilish talablarini buzganlikda, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar faktlarini yashirganlikda aybdor boʻlgan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi talablar bilan tegishli organlarga murojaat etish;
xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bogʻliq holda mayib boʻlishi yoki sogʻligʻiga boshqacha tarzda shikast yetkazilishi tufayli yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hamda xodimlarning sogʻligʻi va mehnatini muhofaza qilishga boʻlgan huquqlari kamsitilgan boshqa hollarda xodimning huquqini himoya qilib sudga murojaat qilish huquqiga ega.
