3-modda. Asosiy tushunchalar
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
kasaba uyushmasi — fuqarolarning oʻz faoliyati yoki oʻqishi turi boʻyicha umumiy kasbiy manfaatlari bilan bogʻliq boʻlgan, ularning mehnatga oid, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish maqsadida tuziladigan, oʻz ustavi asosida faoliyat koʻrsatadigan ixtiyoriy jamoat birlashmasi;
boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti — bir yoki bir nechta ish beruvchida ishlaydigan yoki tegishli taʼlim muassasasida oʻqiydigan kasaba uyushmasi aʼzolarining tegishli kasaba uyushmasi ustavi asosida faoliyat koʻrsatadigan ixtiyoriy birlashmasi;
kasaba uyushmalarining birlashmasi — xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini amalga oshirish hamda himoya qilishda harakatlarning muvofiqlashtirilishiga va birligiga erishish maqsadida tarmoqqa doir, hududiy yoki kasbiy oʻziga xoslikni hisobga oluvchi boshqa belgi boʻyicha tuziladigan ixtiyoriy birlashma;
kasaba uyushmasining boʻlinmasi — kasaba uyushmasining ustaviga muvofiq tashkil etiladigan, tegishli hududda uning vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini amalga oshiradigan boʻlinma.
