19-modda. Kasaba uyushmalarini, ularning birlashmalarini, boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini tashkil etish
Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida (O‘RQ-588-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Kasaba uyushmalari oʻz faoliyatini jamoat birlashmasi shaklidagi yuridik shaxsni tashkil etgan holda amalga oshiradi.
Kasaba uyushmalari bir yoki bir nechta tashkilot xodimlarining tashabbusiga koʻra tashkil etiladi.
Kasaba uyushmalarining boʻlinmalari, boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari yuridik shaxs maqomi bilan yoki yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilishi mumkin. Kasaba uyushmalari oʻz boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining, shu jumladan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarining hisobini yuritadi.
Kasaba uyushmalari adliya organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan ustav asosida faoliyat koʻrsatadi.
Davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, ish beruvchilar kasaba uyushmalarini, ularning birlashmalarini tashkil etish tashabbuskorlari, shuningdek ularning rahbar organlari aʼzolari boʻlishi mumkin emas.
Kasaba uyushmasini, kasaba uyushmalari birlashmasini tashkil etish tashabbuskorlari qurultoyni (konferensiyani) yoki umumiy yigʻilishni chaqiradi, unda ustav qabul qilinadi, shuningdek rahbar organlar tuziladi.
Kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari, shuningdek yuridik shaxs boʻlgan boʻlinmalari hamda boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalari va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari oʻz ixtiyoriga koʻra adliya organlarida hisobga qoʻyiladi.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan kasaba uyushmalarining boʻlinmalarini va boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlarini hisobga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
