“111-modda. Jinoyat protsessining ishtirokchisi boʻlgan bola huquqlarini himoya qilish kafolatlari
Bola huquqlarining kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-587-son) · Sana: 06.12.2019 · Amalda
Davlat sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida bolalarning qonun hujjatlarida belgilangan barcha protsessual huquqlariga rioya etilishi hamda bu huquqlar kafolatlarining taʼminlanishi boʻyicha choralar koʻradi.
Bolaga har qanday ruhiy yoki jismoniy taʼsir oʻtkazish, uni koʻrsatmalar berishga yoki aybini tan olishga majburlash taqiqlanadi.
Sudga qadar ish yuritish va sud muhokamasi jarayonida bolalarga nisbatan ular qonuniy vakillarining ishtirokisiz amalga oshiriladigan protsessual harakatlarni bajarish taqiqlanadi. Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda voyaga yetmagan shaxsga nisbatan protsessual harakatlar uning katta yoshdagi yaqin qarindoshi, pedagog yoki ushbu shaxsning boshqa qonuniy vakili ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sudga qadar ish yuritishning va sud muhokamasining barcha bosqichlarida himoyachining ishtirok etishi shart. Bolaning va uning qonuniy vakillarining himoyachidan voz kechishi haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Qonun hujjatlarida jinoyat protsessining ishtirokchilari boʻlgan bolalar uchun boshqa kafolatlar ham nazarda tutilishi mumkin”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 6-dekabr,
OʻRQ-587-son
