17-modda. Volontyorlik shartnomasining mazmuni
Volontyorlik faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-585-son) · Sana: 02.12.2019 · Amalda
Volontyorlik shartnomasi quyidagilarni oʻz ichiga olishi kerak:
volontyor volontyorlik dasturi, aksiyasi vaqtida amalga oshiradigan faoliyatning tavsifi;
volontyorlik faoliyatini amalga oshirish davri;
ish soatlari va kunlari;
ishonib topshirilgan moddiy qimmatliklarning qiymati koʻrsatilgan holdagi tavsifi;
shartnoma taraflarining huquq va majburiyatlari;
volontyorlik faoliyatining tashkilotchisi tomonidan beriladigan imtiyozlar;
belgilab qoʻyiladigan kasbiy talablar, ijtimoiy koʻnikmalar, rivojlanish manfaatlari, zarur boʻlganda, sogʻligʻining holatiga doir talablar;
taraflarning yetkazilgan zarar uchun javobgarligi;
shartnomani bekor qilish va uni haqiqiy emas deb topish shartlari.
Agar volontyorlik shartnomasini bajarish jarayonida volontyorning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni amalga oshirishni qiyinlashtiradigan holatlar taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra yuzaga kelsa, shartnoma qayta koʻrib chiqiladi.
Agar volontyorlik shartnomasini bajarish jarayonida taraflarga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra shartnomani bundan buyon bajarish mumkin boʻlmay qoladigan holatlar yuzaga kelsa, shartnoma taraflardan birining tashabbusiga koʻra bekor qilinadi.
Volontyorlik shartnomasini bir tomonlama tartibda bekor qilish, agar volontyorlik shartnomasida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, volontyor tomonidan yoki jalb etilgan tashkilot tomonidan bu haqda yetti kun oldin dastlabki tarzda xabardor qilish sharti bilan va sabablarni koʻrsatish majburiyatlarisiz amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi mehnat shartnomasini yoki xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi fuqarolik-huquqiy shartnomasini yoxud shu kabi har qanday boshqa shartnomani tuzishdan bosh tortish maqsadida volontyorlik shartnomasini tuzish taqiqlanadi.
