Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun 2020-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (4168-Q-son)
20.09.2019
Andijon viloyati Asaka tumani hokimining qarori
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, 5-6-son, 97-modda) 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlar toʻplami, 2008-yil, 29-30-son, 277-modda) 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008yil, 34-son, 333-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash haqida”gi (AV roʻyxat raqami № 3163-son 31.05.2019-yil) buyrugʻiga asosan “ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni kvotalangan sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga har bir hodim uchun 12 oy davomida har oyda eng kam oylik ish xaqining 2 baravari miqdorida haq toʻlash” asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun, asosan tumanda 2020-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan: qaror qilaman:
1. Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, 2020-yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdori belgilangan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 1- va 2- ilovalar berilmaydi.
2-ilovaga muvofiq xodimlarning roʻyxati boʻyicha oʻrtacha sonidan 6746 nafarini tashkil etadigan 10 foizdan ortmagan miqdorida, shu jumladan:
14 yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 1,5 foiz (102 kishi);
umumiy oʻrta maxsus, kasb-xunar taʼlimi muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun 3,1 foiz (212 kishi);
safarbarlik chaqiriq zaxirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 0,5 foiz (37 kishi);
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun 3,4 foiz (231 nafar nogironlar uchun band qilingan ish oʻrinlarining ortgan qismi kelgusida extiyoj yuqori toifalar bilan toʻldiriladi);
tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,5 foiz (36 kishi);
Jazoni ijro etish muassasalaridan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar uchun 0,1 foiz (10 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zahirasini belgilaydi.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak, shu jumladan:
14 yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
umumiy oʻrta maxsus, kasb-xunar taʼlimi muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
safarbarlik chaqiriq zaxirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironligi boʻlgan shaxslar uchun mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiyaoldi yoshidagi shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlar uchun ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari.
3. Ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar:
muhandislar, iqtisodchilar, hisobchi, hisobchi-taftishchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, farrosh, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
4. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlash;
yil boshlangunga qadar oʻn kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmida ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlasin, ushbu toʻgʻrisida tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga yil boshlangunga qadar axborot berilsin;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini band qilib qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasin, bu toʻgʻrida tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tugagandan keyin oʻn kundan kechikmay axborot berish;
tashkilotlar har chorakda tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga yuqorida koʻrsatilgan toifadagi shaxslarning ishga joylashtirilishi toʻgʻrisida ushbu nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha axborot taqdim etishi;
band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlarining belgilangan soni hisobiga ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining tayyorligi toʻgʻrisidagi axborotni tashkilot tomonidan takdim etilmaganligiga ham va amalda ularning tayyor emasligiga ham mehnat organi tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organi qarorining bajarilmaganligi sifatida qarashi lozimligi qayd etilsin.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 21-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini Tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tuman markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga egadir.
7. Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi (E. Ismoilov) bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-bandida koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. Mazkur tuman hokimining qarori 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiritilsin.
9. “Asaka” gazetasi (M. Azimova) qarorni gazetada rasmiy eʼlon qilsin va qaror tuman hokimligining rasmiy veb-saytiga joylashtirilsin.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2018-yil 28-sentabrdagi 1614-Q sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Y. Abdugʻaniyev xamda tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori E. Ismoilov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim E. YaKUBOV
Asaka t.,
2019-yil 20-sentabr,
4168-Q-son
