Termiz shahrining 2018-yilgi mahalliy budjeti ijrosi va 2019-yilga moʻljallangan mahalliy budjetning asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida (158/33-05-son)
27.12.2018
Surxondaryo viloyati Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 17-noyabrdagi 2119-III-sonli va shu haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018-yil 13-dekabrdagi SQ-348-III-son qarorlari hamda xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining “Surxondaryo viloyatining 2018-yilgi mahalliy budjeti ijrosi va 2019-yil mahalliy budjeti asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 26-dekabrdagi 222/5-35-son qaroriga asosan xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi, qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 17-noyabrdagi 2119-III-sonli va shu haqidagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018-yil 13-dekabrdagi SQ-348-III-son qarorlari va xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining “Surxondaryo viloyatining 2018-yilgi mahalliy budjeti ijrosi va 2019-yil mahalliy budjeti asosiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 26-dekabrdagi 222/5-35-son qarori maʼlumot va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Termiz shahrining 2019-yil mahalliy budjeti asosiy koʻrsatkichlari daromadlar qismi 34,0 mlrd. soʻm, xarajatlar qismi 124,8 mlrd. soʻm, maqsadli taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarining ish haqi va yagona ijtimoiy toʻlov xarajatlari uchun maqsadli budjetlararo transfert mablagʻlari 90,8 mlrd. soʻm miqdorida belgilanganligi maʼqullansin.
3. Termiz shahri boʻyicha 2019-yil mahalliy budjet daromadlarining reja koʻrsatkichlari 1a, 1b-ilovaga muvofiq, harajatlar 2-ilovaga muvofiq, umumdavlat soliqlari boʻyicha tushumlarning shahar mahalliy budjetiga ajratiladigan meʼyorlari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Termiz shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (Gʻ. Elamanov):
soliq yigʻimining zamonaviy uslublarini amaliyotda qoʻllash hamda soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning yigʻuvchanligini oshirishga doir choralar koʻrilishini;
ishlab chiqarishning mahalliylashtirilishini yanada chuqurlashtirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, bozorni zarur isteʼmol tovarlari hamda butlovchi buyumlar bilan toʻldirishni;
ijtimoiy sohaga, shu jumladan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga, infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadigan xarajatlardan samarali foydalanish orqali aholi farovonligini oshirishni;
sifatli taʼlim xizmatlarini olish imkoniyatlarini oshirish, uzluksiz taʼlim tizimini, xususan, maktabgacha taʼlim muassasalari tizimini rivojlantirish, xususiy taʼlim muassasalari tarmogʻini kengaytirish, yoshlarga doir davlat siyosatini yanada samarali roʻyobga chiqarishni;
aholining uy-joy maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi koʻlamini kengaytirish, shuningdek yoʻl transport, muhandislik kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish choralarni koʻrsin.
5. Termiz shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (Gʻ. Elamanov), shahar Davlat soliq inspeksiyasi (A. Anvarov) va moliya boʻlimi (O. Xolmatov) tegishli tashkilotlar bilan birgalikda shahar mahalliy budjeti daromadlar qismining soliq turlari boʻyicha belgilangan rejalari oshirilib bajarilishini taʼminlasin.
6. Termiz shahar hokimligi moliya boʻlimi mudiri (O. Xolmatov)ga:
budjetdan mablagʻ oluvchilarning budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanish asoslari mavjudligini muntazam tahlil qilib borish hamda ajratilgan budjet mablagʻlarining natijadorligiga erishilmayotgan budjet muassasalarini qisqartirish yuzasidan shahar hokimligi va tegishli tashkilotlarga muntazam ravishda taklif kiritish;
gʻaznachilik boʻlimi bilan birgalikda budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi va ularning asossiz sarflanishini bartaraf etish ustidan qatʼiy nazorat qilinishini taʼminlash vazifasi topshirilsin.
7. Termiz shahar hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari (Gʻ. Elamanov) budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasinlar, mintaqalarning soliq solish bazasi kengaytirilishi va moliyaviy salohiyati mustahkamlanishi yuzasidan zaruriy chora-tadbirlar koʻrsinlar, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
8. Shahar hokimligi moliya boʻlimi (O. Xolmatov) Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashiga mahalliy budjetning ijrosi toʻgʻrisida har chorakda axborot berib borish vazifasi yuklatilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari shahar Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari doimiy komissiyasi raisi I. Chashev zimmasiga yuklansin.
10. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sessiya raisi A. MUSTAFAQULOV
Termiz sh.,
2018-yil 27-dekabr,
158/33-05-son
