“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etish toʻgʻrisida
01.07.2003
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Mustafoyev, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov va S. Hakimovadan iborat tarkibda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 10-moddasiga amal qilgan holda, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasini koʻrib chiqish uchun Oliy Majlisga taqdim etish toʻgʻrisidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Ishni koʻrishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2003-yil 24-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun asos boʻldi.
Maʼruzachi Konstitutsiyaviy sud Raisi B. Mustafoyevning axborotini, sudyalar B. Mirboboyev, U. Bozorov, G. Pirjanov, S. Hakimova, Konstitutsiyaviy sud kotibiyati mudiri M. Aliyeva, katta ekspert N. Kariyeva hamda ekspert I. Yusubjonovning fikrlarini eshitib, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasini muhokama qilib, Konstitutsiyaviy sud quyidagilarni aniqladi:
2003-yil 24-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunga va 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 178-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda) 1, 2, 10, 13, 17 (oʻzbek tilidagi), 18, 19, 21 va 31-moddalariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish zaruriyati paydo boʻldi.
Yuqorida bayon qilinganlarga asoslanib va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 25 va 26-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun loyihasi qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga taqdim etilsin:
Konstitutsiyaviy sud taqdim etgan loyiha
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Konunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 30-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 178-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 1-modda:
ikkinchi qismining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Konstitutsiyaviy sud:
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining, hukumat va mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, Oʻzbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga mosligini aniqlaydi”;
ikkinchi qismi quyidagi mazmundagi toʻrtinchi va beshinchi xatboshilari bilan toʻldirilsin:
“Saylovlar va referendumlarning konstitutsiyaviyligi bilan bogʻliq nizolarni hal etadi;
Siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari yoki boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarning konstitutsiyaviyligini aniqlaydi”;
toʻrtinchi xatboshisi oltinchi xatboshisi deb hisoblansin;
2) 2-moddasining:
birinchi va toʻrtinchi qismlaridagi “Oliy Majlis” degan soʻzlar “Oliy Majlisning Senati” degan soʻzlar bilan,
ikkinchi qismidagi “Oliy Majlis deputatlari” degan soʻzlar “Oliy Majlis Senati aʼzolari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
beshinchi qismi chiqarib tashlansin;
3) 10-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10-modda. Konstitutsiyaviy sudning qonunchilik tashabbusi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sud qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. Bu huquq Konstitutsiyaviy sud tomonidan qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi”;
4) 13-moddasining birinchi qismi “Konstitutsiyaviy” degan soʻzdan avval “Ilk bor” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
5) oʻzbek tilidagi 17-moddasining birinchi qismi “quyidagi hollarda” degan soʻzlardan keyin “Konstitutsiyaviy sud qarori bilan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
6) 18-moddadagi “Oliy Majlis” degan soʻzlar “Oliy Majlis Senatining” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 19-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“19-modda. Konstitutsiyaviy sudga masalalarni kiritish huquqi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, Oliy Majlis Senatining Raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat deputatlar guruhi, Oliy Majlis Senati aʼzolari umumiy sonining kamida toʻrtdan bir qismidan iborat senatorlar guruhi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Oliy xoʻjalik sudining raisi va Bosh prokurori Konstitutsiyaviy sudda koʻrib chiqish uchun masalalar kiritish huquqiga egadirlar. Masala Konstitutsiyaviy sudning kamida uch sudyasi tashabbusi bilan ham kiritilishi mumkin”;
8) 21-moddadagi “Oliy Majlis Raisi, uning oʻrinbosarlari” degan soʻzlar “Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri, uning oʻrinbosarlari, Oliy Majlis Senatining Raisi, uning oʻrinbosarlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 31-moddasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarining moddiy taʼminoti
Konstitutsiyaviy sud sudyasining ish haqi miqdori qonun hujjatlari bilan belgilanadigan lavozim maoshidan, malaka darajasi, koʻp yillik xizmati uchun toʻlanadigan ustama haqlardan iborat boʻladi.
Konstitutsiyaviy sud sudyalariga har yili oʻttiz olti ish kunidan iborat haq toʻlanadigan taʼtil beriladi”;
10) Qonun quyidagi mazmundagi 311-modda bilan toʻldirilsin:
“311-modda. Konstitutsiyaviy sud sudyalarini va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy muhofaza qilish choralari
Konstitutsiyaviy sud sudyalarining hayoti va sogʻligʻi davlatning alohida muhofazasida boʻladi hamda respublika budjeti mablagʻlari hisobidan davlat tomonidan majburiy tartibda sugʻurta qilinadi.
Quyidagi hollarda davlat sugʻurta organlari sugʻurta summalarini toʻlaydi:
sudya ishlayotgan davrida yoki vakolat muddati tugaganidan keyin halok boʻlsa (vafot etsa), agar bu sudya oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki sogʻligʻining boshqacha shikastlanishi oqibatida roʻy bergan boʻlsa, uning merosxoʻrlariga sudyaning ellik oylik ish haqi miqdorida;
sudya oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbga doir faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib boʻlib qolsa yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning yigirma besh oylik ish haqi miqdorida;
sudya oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kasbga doir faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatini istisno etmaydigan va mehnat qobiliyatining doimiy yoʻqolishiga olib kelmaydigan tan jarohatlari yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganida — sudyaning besh oylik ish haqi miqdorida.
Sudya oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan kelgusida kasbga doir faoliyat bilan shugʻullanish imkoniyatini istisno etadigan darajada mayib boʻlib qolganida yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilganida majburiy davlat sugʻurtasi boʻyicha olingan toʻlovlarni hisobga olmagan holda unga ish haqi va tayin etilgan pensiya oʻrtasidagi farq har oyda toʻlab boriladi.
Sudya oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan olgan tan jarohatlari yoki uning sogʻligʻiga boshqacha shikast yetkazilishi oqibatida halok boʻlsa (vafot etsa), uning qaramogʻida boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzolariga sudya ish haqining ularning hissasiga toʻgʻri keladigan qismi va boquvchisini yoʻqotganligi munosabati bilan ularga tayinlangan pensiya oʻrtasidagi farq har oyda, majburiy davlat sugʻurtasi boʻyicha olingan toʻlovlarni hisobga olmagan holda toʻlanadi.
Sudyaning oʻz xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan unga tegishli mol-mulkni yoʻq qilish yoki shikastlash oqibatida yetkazilgan zarar sudyaga yoki uning oila aʼzolariga toʻlaligicha qoplanadi.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan zararni qoplash boʻyicha toʻlovlar respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilib, keyinchalik ular aybdor shaxslardan qonunda belgilangan tartibda undirib olinadi”.
Toshkent sh.,
2003-yil 1-iyul
