Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (PF-5884-son)
28.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi hududida yongʻin xavfsizligini taʼminlash ishlari samaradorligini yanada oshirish, yongʻinlarning fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga hamda atrof tabiiy muhitga yetkazadigan ogʻir oqibatlarining oldini olish, shuningdek, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasidagi qonun hujjatlariga hamda diagnostika va davolash standartlariga, litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi yuzasidan masʼuliyatni oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-son Farmoni bilan tasdiqlangan Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatiga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar hamda mavzu boʻyicha telekoʻrsatuvlarni tashkil etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu Farmon 2020-yil 1-martdan boshlab kuchga kiradi.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-noyabr,
PF-5884-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5884-son Farmoniga ILOVA
Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatdan oʻtkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan tekshiruvlar roʻyxatiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 10-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha: uch oyda koʻpi bilan bir marotaba — umumiy ovqatlanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi, shu jumladan oziq-ovqat xom ashyosi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va isteʼmolchilarni vodoprovod suvi bilan taʼminlaydigan, oqova suvlarni chiqarib tashlaydigan; olti oyda koʻpi bilan bir marotaba — qonun hujjatlariga koʻra xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtishi lozim boʻlgan savdo va aholiga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadigan, shu jumladan sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlarini koʻrsatuvchi; bir yilda koʻpi bilan bir marotaba — aholiga diagnostika, davolash-profilaktika xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarida tekshiruvlar oʻtkazish. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi 1 kun ”.
2. Quyidagi mazmundagi 101-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ 101. Nodavlat tibbiy tashkilotlarda litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan ikki yarim yilda koʻpi bilan bir marotaba (qonun hujjatlari buzilishi holatlari boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi asoslangan maʼlumotlar boʻlgan holatlarda cheklanmagan miqdorda) tekshiruvlar oʻtkazish. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi 5 kundan oshmagan holda ”.
3. 15-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ 15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishilgan roʻyxatga muvofiq, avtomobillarga siqilgan va suyultirilgan gaz quyish bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarida texnologik jarayon talablari, sanoat va yongʻin xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi ustidan bir yilda bir martadan koʻp boʻlmagan nazorat tadbirlari. Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birga 1 kun ”.
4. Quyidagi mazmundagi 32-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“ 32. Davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan yongʻin xavfliligiga koʻra obyektlar boʻyicha quyidagi muddatlarda: birinchi guruhga kiradigan obyektlarda — bir yilda koʻpi bilan bir marta; ikkinchi guruhga kiradigan obyektlarda — ikki yilda koʻpi bilan bir marta; uchinchi guruhga kiradigan obyektlarda — uch yilda koʻpi bilan bir marta yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruvlar oʻtkazish. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi 10 kundan oshmagan holda ”.
5. Izohning uchinchi xatboshisidagi “19 va 31-bandlarda” soʻzlari “19, 31 va 32-bandlarda” soʻzlari bilan almashtirilsin.
