Ulugʻnor tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2020-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1372-q-son)
13.09.2019
Andijon viloyati Ulugʻnor tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda) 17-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda) 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga (Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2017-y., 09/17/965/0393-son) muvofiq, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan tumanda 2020-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida, qaror qilaman:
1. Tuman Axoli bandligiga koʻmaklashish markazining 2019-yil 16-avgust kungi 01-11/114-sonli xati inobatga olinsin.
Tumandagi ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, 2020-yilda mazkur toifadagi shaxslar uchun ish oʻrinlarining eng kam soni belgilangan korxonalar va tashkilotlar roʻyxati 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 1- va 2-ilovalar berilmaydi.
2. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar uchun ish oʻrinlarining eng kam soni 2-ilovaga muvofiq xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha soni 2709 nafarni tashkil etadigan 9,6 foiz miqdorida, shu jumladan:
nogironlar uchun 3,5 foiz (95 nafar, yuqorida koʻrsatilgan ish oʻrinlariga tumanda nogironlar ishga joylashishi boʻyicha talab 4 ta boʻlganligi sababli kelgusida 90,5 ta ish oʻrinni umumiy oʻrta va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun) band etib qoʻyilsin;
umumiy oʻrta va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun 3,1 foiz (84,5 kishi);
oʻn toʻrt yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 0,3 foiz (7,5 kishi);
pensiya oldi yoshidagi shaxslar uchun 0,6 foiz (16 kishi);
safarbarlik chaqiruvi zahirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 0,6 foiz (27 kishi);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilishidan ozod qilingan shaxslar uchun 1 foiz (26 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari, shu jumladan odam savdosi qurbonlari uchun 0,3 foiz (7 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zahirasi belgilansin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari sanitariya-gigiyena meʼyorlariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan mehnat qilish sharoitlariga, shu jumladan quyidagilarga muvofiq boʻlishi kerak:
14 yoshgacha va nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha majburiyatlar bajarilishini birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
umumiy oʻrta va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagandan keyin kasbni egallagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari umumiy oʻrta va oʻrta-maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagandan keyin kasbni egallagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;safarbarlik chaqiruv zahirasida xizmatni oʻtagan va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari saflaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning professional tayyorgarligiga mos boʻlgan ish oʻrinlari;
pensiya oldi yoshidagi shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligiga mos boʻlgan yoki maxsus malaka talab etmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan boʻshatilgan yoki sudning qaroriga koʻra tibbiy tusdagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malaka talab etmaydigan ish oʻrinlari;
odam savdosi qurbonlari uchun — ularning kasbiy tayyorgarligini hisobga olgan holda yoki maxsus malaka talab etmaydigan ish oʻrinlari.
4. Ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar:
muhandislar, iqtisodchilar, hisobchi, hisobchi-taftishchi, huquqshunos, zootexnik, agronom, shifokor, hamshira, kichik tibbiy xodim, ish yurituvchi, oʻqituvchi, tarozibon, elektr va avtoaravacha haydovchisi, tashuvchi, farrosh, oʻtyoqar, obodonlashtirish ishchisi, omborchi, EHM operatori, yukchi, ishchi, bogʻbon, qorovul.
5. Tumandagi mavjud korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin;
2019-yil boshlanishidan oldin 10 kundan kechikmay muhtojlarni ishga joylashtirish uchun muhtojlar uchun zaxiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi miqdorida ish oʻrinlari zahiraga qoʻyilishini va tayyorligini taʼminlasin, shuningdek, bu haqda yil boshlangunga qadar tuman Axoli bandligiga koʻmaklashish markazini xabardor qilsin;
muhtojlar uchun ish oʻrinlarining qolgan qismini zahiraga qoʻyish tashkilot (ish beruvchi) tomonidan kalendar yilning birinchi choragi mobaynida taʼminlasin, bu haqda tuman Axoli bandligiga koʻmaklashish markaziga birinchi chorak tamom boʻlgandan keyin 10 kundan kechikmay xabardor qilsin;
tashkilot har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va zahiraga qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-ilovasiga muvofiq shakl boʻyicha muhtojlarni ishga joylashtirish toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etsin;
tashkilot tomonidan muhtojlarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari tayyorligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etilmasligi, teng darajada zahiraga qoʻyiladigan ish oʻrinlarining belgilangan soni hisobiga ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining amalda tayyor emasligi tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan tuman hokimining qarori bajarilmasligi sifatida qaralishi lozimligi qayd etilsin.
Tuman Axoli bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan Ijtimoiy ixtiyojmand axoli qatlamiga mansub shaxslarni kvotalangan ish oʻrniga belgilangan sonidan ortiq miqdorda ishga qabul qilingan tashkilotlarga xar bir xodim uchun 12 oy davomida xar oyda eng kam oylik ish xaqining 2 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.
6. Tuman hokimining muhtojlar uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash boʻyicha ushbu qarori bajarilmaganda, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
7. Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi (O. Avazbekova) mazkur qarorni besh kun muddatda qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan tashkilotlar rahbarlarining eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qaror bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
8. Mazkur qaror “Ulugʻnor” gazetasida rasman eʼlon qilinsin va tuman hokimligining rasmiy veb saytiga joylashtirilsin.
9. Ushbu qaror 2020-yil 1-yanvar kundan boshlab kuchga kiradi.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2018-yil 30-oktabr kungi 1817-q-sonli qarori 2020-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqatgan deb xisiblansin.
11. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (K. Nabiyev) hamda Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori (O. Avazbekova) zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. MAXSUDOV
Ulugʻnor t.,
2019-yil 13-sentabr,
1372-q-son
