Toshkent bank hisob-kredit kollejini tashkil etish toʻgʻrisida (216-son)
10.06.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻrta boʻgʻin bank mutaxassislari tayyorlashni takomillashtirish va respublika bank-kredit tizimining ularga boʻlgan ehtiyojini toʻlaroq taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida Bank hisob-kredit kolleji tashkil etilsin.
2. Quyidagi mutaxassislarni tayyorlash kollej faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin;
bank operatsiyalari boʻyicha oʻrta boʻgʻin buxgaltyerlari;
bank faoliyatini iqtisodiy tahlil etish boʻyicha oʻrta boʻgʻin iqtisodchilari;
bank operatsiyalari va axboroti dasturlarini kuzatish boʻyicha dastur tuzuvchilar;
bank kassa operatsiyalari boʻyicha kassirlar, kassir-operatorlar.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Bank hisob-kredit kolleji Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi va harajatlari bankning daromadlari hisobidan qoplanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Bank hisob-kredit kollejining nizomini, tuzilmasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Bank hisob-kredit kolleji Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 50-maxsus hunar-texnika bilim yurtining Usmon Yusupov koʻchasi, 1-uydagi binosiga joylashtirilsin. Xalq taʼlimi vazirligi (Yoʻldoshev) asosiy fondlarni belgilangan tartibda Markaziy bankka bersin.
Toshkent shahar hokimligi (Toʻlaganov) Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 50-maxsus hunar-texnika bilim yurtini joylashtirish masalasini koʻrib chiqsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 10-iyun,
216-son
