Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoni) (915-son)
18.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 9-sentabrdagi PF-5816-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-noyabr,
915-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-noyabrdagi 915-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 7-martdagi 38-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 3-son, 17-modda) bilan tasdiqlangan Avtomototransport vositalari bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-bandida:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlariga (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) transport vositasidan foydalanish va boshqarishni berish hollariga”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishi ravishda toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2008-y., 6-son, 32-modda) bilan tasdiqlangan Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalarida:
a) 2-bandda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“transport vositasining egasining yaqin qarindoshlari — transport vositasi egasining transport vositasidan foydalanish va uni boshqarish uchun notarial tasdiqlanadigan ishonchnoma rasmiylashtirilishi talab qilinmaydigan yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar)”;
uchinchi — oʻn oltinchi xatboshilar tegishli ravishda toʻrtinchi — oʻn yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 12-bandga quyidagi mazmundagi “e” kichik band qoʻshilsin:
“e) transport vositasi egasining ixtiyori bilan mazkur transport vositasidan foydalanish va uni boshqarishga qoʻyilgan yaqin qarindoshlarining qarindoshlik darajasini tasdiqlovchi hujjatlar”;
v) 1 va 1a-ilovalar matni quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-apreldagi 172-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2022-y., 09/22/172/0298-son)
