Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-4521-son)
13.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Makroiqtisodiy barqarorlikni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarining ijrosini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha Davlat dasturlarida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2019-yil 19-iyulda Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyiha) amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — XTTB) oʻrtasida budjetni qoʻllab-quvvatlash uchun 5 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, soʻndirish muddati 30 yil boʻlgan 500,0 million AQSH dollari miqdoridagi Qarz bitimi imzolanganligi;
XTTB tomonidan ajratiladigan qarz Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti xarajatlarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda qarz boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlashning prognoz jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, XTTB tomonidan ajratiladigan qarzdan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Davlat statistika qoʻmitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi loyihani amalga oshirish agentlari hisoblanadi;
XTTB tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish, shuningdek qarz boʻyicha foizlar, komissiyalar va boshqa toʻlovlar bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-noyabr,
PQ-4521-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-noyabrdagi PQ-4521-son qaroriga ILOVA
Jahon banki ishtirokida “Oʻzbekistonda bozor islohotlarini qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish doirasida Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan qarzni soʻndirish hamda qarz boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlashning
PROGNOZ JADVALI
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda LIBORning oʻrtacha qiymati Bloomberg maʼlumotlariga asosan olingan boʻlib, bunda kelgusi 30 yilda LIBORning eng yuqori koʻrsatkichi 2035-yilda 2,3 foizni, oxirgi bir yil oraligʻida esa 2,8 foizni tashkil etishini eʼtiborga olib, LIBORning stavkasi 2,8 foiz deb olindi. Qatʼiy belgilangan 1,3 foiz hamda mazkur qarz boʻyicha toʻlanishi lozim boʻlgan foizlarni hisobga olib, qarz boʻyicha yillik foiz stavkasi 4,1 foizga teng deb hisoblandi.
** Bir martalik toʻlov qarz hisobidan toʻlanadi.
