69-modda. Markaziy bankning kommunikatsiya siyosati
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank pul-kredit siyosatining va bank tizimining barqarorligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarning taʼsirchanligini oshirish maqsadida Markaziy bank siyosatining maqsadlari va mohiyatini jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish orqali kommunikatsiya siyosatini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
Markaziy bankning kommunikatsiya siyosati tahliliy materiallarni, sharhlarni, statistik maʼlumotlarni, intervyularni, maʼruzalarni eʼlon qilish, shuningdek matbuot brifinglari tashkil etish orqali va umumeʼtirof etilgan xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda boshqa usullar bilan amalga oshiriladi.
Markaziy bank bank tizimi faoliyatining shaffofligini taʼminlash uchun oʻzining rasmiy veb-saytida quyidagi axborotni:
banklarni nazorat qilish hamda tartibga solish sohasida qabul qilingan qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini va ularning qoʻllanilishiga doir tavsiyalarni;
banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq boʻlishi uchun banklar tomonidan qoʻllaniladigan tizimlar, strategiyalar, tartib-taomillar hamda mexanizmlarni tekshirishda va banklar duchor boʻlgan yoki duchor boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni baholashda foydalaniladigan umumiy mezonlar hamda uslubiyotlarni;
banklarning rahbarlari roʻyxatini;
banklarning hisobotlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni, bundan bank sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar mustasno;
koʻrilgan choralar va sanksiyalarni eʼlon qiladi hamda muntazam ravishda yangilab turadi.
