66-modda. Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazish
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank kredit tashkilotlarini, toʻlov tashkilotlarini, toʻlov tizimlari operatorlarini, valyuta birjalarini, kredit byurolarini, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarni, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarni tavakkalchiliklarni baholash natijalari asosida inspeksiyadan oʻtkazadi, shuningdek ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning soʻrovlari, jismoniy va yuridik shaxslarning qonunchilik buzilganligi faktlari toʻgʻrisidagi murojaatlari boʻyicha alohida masalalar yuzasidan tekshiruvdan oʻtkazishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazish tartibi Markaziy bank tomonidan mustaqil ravishda belgilanadi. Inspeksiya (tekshiruv) davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan kelishuvsiz hamda ular xabardor qilinmasdan amalga oshiriladi.
Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi Markaziy bank tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslar faoliyatining inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkaziladigan sohasi yoʻnalishini Markaziy bank tarkibiy boʻlinmalarining vazifalaridan kelib chiqqan holda belgilaydi.
Markaziy bank tomonidan nazoratga doir vazifalarni bajarishga toʻsqinlik qilinganligi uchun Markaziy bank nazorat qilishi lozim boʻlgan shaxslarga nisbatan choralar va sanksiyalar qoʻllanilishi mazkur shaxslarni inspeksiyadan (tekshiruvdan) oʻtkazishdan ozod etmaydi.
Markaziy bankning inspeksiya va tekshirish oʻtkazishni amalga oshiruvchi boʻlinmalarining vakolatlari, ularning majburiyatlarini taqsimlash Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Inspeksiya (tekshiruv) oʻtkazish uchun Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlarning, shuningdek banklar va sohaga oid boshqa tashkilotlarning xodimlari jalb etilishi mumkin.
