64-modda. Markaziy bankning tartibga solish va nazoratga doir vazifalarini amalga oshirish
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bankning tartibga solish va nazorat qilish vazifalarini Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasi amalga oshiradi.
Markaziy bankning Bank nazorati qoʻmitasining vazifalari, vakolatlari va funksiyalari Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Kredit tashkilotlarining, toʻlov tashkilotlarining, toʻlov tizimlari operatorlarining, valyuta birjalarining, kredit byurolarining, banklar tomonidan autsorsingga topshirilgan xizmatlar hamda operatsiyalarni amalga oshiruvchi shaxslarning, shuningdek konsolidatsiyalashgan tarzda nazorat qilinishi lozim boʻlgan shaxslarning faoliyatini inspeksiya qilish (tekshirish) Markaziy bankning vakolatli xodimlari va Markaziy bank tomonidan belgilanadigan auditorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Markaziy bank bankning ichki auditi oʻtkazilayotganda auditorlardan Markaziy bankning normativ-huquqiy hujjatlariga, shu jumladan tartib-taomillar va uslubiyotlarga rioya etilishini talab qilishga, shuningdek bevosita auditorlardan bank auditi bilan bogʻliq axborotni olishga haqli.
Markaziy bank kredit tashkilotlari, toʻlov tashkilotlari hamda toʻlov tizimlari operatorlari uchun majburiy boʻlgan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishga doir ichki nazorat qoidalarini maxsus vakolatli davlat organi bilan birgalikda tasdiqlaydi.
