6-modda. Markaziy bank uchun taqiqlangan faoliyat turlari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank:
uchinchi shaxslarga moliyaviy yordam koʻrsatish bilan shugʻullanishga, bundan oʻz tasarrufidagi tashkilotlar mustasno;
tijorat faoliyatini amalga oshirishga;
uchinchi shaxslarning, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining majburiyatlari boʻyicha kafolatlar berishga;
banklarning kapitallarida va boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlarida (ustav kapitallarida) ishtirok etishga haqli emas, bundan valyuta birjasining, “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyatining (bundan buyon matnda Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi deb yuritiladi), shuningdek Markaziy bankning faoliyatini taʼminlovchi oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning kapitallarida ishtirok etishi mustasno.
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga, boshqa davlat organlariga va tashkilotlariga, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) taqchilligini moliyalashtirish uchun kreditlar yoki moliyaviy yordam bermaydi.
