46-modda. Toʻlov tizimlarining ishlashini taʼminlash
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank toʻlov tizimining ishlashini taʼminlash maqsadida:
toʻlov tizimining strategiyasini belgilaydi va amalga oshiradi;
oʻz vakolatlari doirasida toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi hamda tasdiqlaydi;
toʻlov xizmatlari bozorida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga doir talablarni belgilaydi;
toʻlov tashkilotlari va toʻlov tizimlari operatorlari faoliyatini tartibga solishni hamda nazorat qilishni amalga oshiradi.
Markaziy bank banklarga va toʻlov tashkilotlariga, toʻlov tizimlari operatorlariga toʻlovlarga hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatilishini tashkil etishda, shu jumladan bank kartalari hamda boshqa toʻlov vositalari orqali toʻlagan holda koʻmaklashishga, bunday operatsiyalarni amalga oshirish tartibini belgilashga va tegishli koʻrsatmalar berishga haqlidir.
