40-modda. Pul belgilarini muomalaga chiqarish
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy toʻlov vositasi sifatida pul belgilarini muomalaga chiqarishda mutlaq huquqqa ega. Pul belgilari banknotlar va tangalar tarzida, shu jumladan qimmatbaho metallar tarzida chiqariladi.
Muomaladagi pul belgilari Markaziy bankning qatʼiy majburiyatlari boʻlib, ushbu pul belgilari uning barcha aktivlari bilan taʼminlanadi.
Pul belgilarining namunalari, shuningdek ularning dizayni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi bilan kelishilgan holda Markaziy bank tomonidan tasdiqlanadi. Pul belgilarining dizayni Markaziy bankning mulkidir. Yangi namunalardagi pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisidagi xabar, shuningdek ularning tavsiflari Markaziy bank tomonidan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi. Markaziy bank va banklar talabga koʻra bir nominal qiymatdagi pul belgilarini boshqasiga hech qanday toʻlovsiz yoki vositachilik haqisiz ayirboshlashni amalga oshiradi.
Pul belgilarining himoya elementlariga doir talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi.
Markaziy bank muhim sanalarga oid va esdalik pul belgilarini, shu jumladan qimmatbaho metallardan tayyorlangan pul belgilarini muomalaga chiqarishga haqli.
Numizmatika va kolleksiyalash maqsadlarida pul belgilarini sotish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Markaziy bank yoʻq qilib yuborilgan, yoʻqotilgan, qalbaki, yasama va qonuniy kuchini yoʻqotgan pul belgilarining oʻrnini qoplamaydi.
Pul belgilarini qalbakilashtirish va qonunga xilof ravishda tayyorlash qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
