30-modda. Majburiy zaxira talablari
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Pul-kredit siyosatini amalga oshirish doirasida Markaziy bank banklar jalb qilgan majburiyatlar ostida banklar tomonidan Markaziy bankda deponentga oʻtkaziladigan majburiy zaxiralarning normativlarini belgilaydi.
Markaziy bank majburiy zaxira talablarining miqdorini, banklarning zaxiralar deponentga oʻtkaziladigan majburiyatlari tarkibini, hisob-kitob qilish va zaxiralash tartibini, shuningdek majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyentini tasdiqlaydi.
Majburiy zaxiralarning normativlari barcha banklar uchun bir xildir.
Majburiy zaxiralar banklarning Markaziy bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi mablagʻlarini deponentga oʻtkazish yoʻli bilan va (yoki) Markaziy bankda ochilgan vakillik hisobvaragʻida majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyenti miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblangan majburiy zaxiralarning oʻrtachalashtirilgan miqdorini saqlab turish yoʻli bilan ushlab turiladi.
Majburiy zaxiralarni oʻrtachalash koeffitsiyenti qiymati 0 dan 1 gacha oraliqda boʻlgan son bilan ifodalangan koʻpaytiruvchidan iboratdir.
Minimal zaxira talablari normativlarining oʻzgarishi bunday qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kamida bir oydan soʻng amalga kiritiladi.
Undiruvni Markaziy bankdagi hisobvaraqlarda banklar tomonidan deponentga oʻtkazilgan majburiy zaxiralarga qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi.
