3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining huquqiy maqomi
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) huquqiy maqomi, vakolatlari, vazifalari, faoliyatini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun hamda boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Markaziy bank yuridik shaxs boʻlib, u davlatning mutlaq mulkidir va oʻz xarajatlarini oʻzining daromadlari hisobidan amalga oshiradi.
Markaziy bank oʻz vakolatlari hamda vazifalari doirasida davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlaridan mustaqil ravishda qarorlar qabul qiladi.
Markaziy bank davlatning majburiyatlari yuzasidan, davlat esa Markaziy bankning majburiyatlari yuzasidan, agar ularning oʻzi bunday majburiyatlarni oʻz zimmasiga olmagan boʻlsa yoki qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, javobgar boʻlmaydi.
Markaziy bank, shuningdek uning tasarrufidagi tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan, oʻz nomi yozilgan muhri va blankasiga ega boʻladi.
