16-modda. Markaziy bank faoliyatining ichki auditi
“Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-582-son) · Sana: 11.11.2019 · Amalda
Markaziy bank faoliyatining ichki auditi Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati tomonidan amalga oshiriladi. Markaziy bankning ichki auditorlik xizmati oʻz faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga va Auditorlik qoʻmitasiga hisobdordir.
Markaziy bankda uch nafar mustaqil aʼzodan iborat boʻlgan Auditorlik qoʻmitasi tashkil etiladi.
Auditorlik qoʻmitasining aʼzolari Markaziy bank boshqaruvi tomonidan tayinlanadi. Bunda Markaziy bank boshqaruvining mustaqil aʼzolaridan biri Auditorlik qoʻmitasining raisi boʻlishi hamda Auditorlik qoʻmitasining bir nafar aʼzosi buxgalteriya hisobi yoki audit sohasida ish tajribasiga ega boʻlishi kerak.
Auditorlik qoʻmitasining vakolatlari va faoliyatining reglamenti, uning huquqiy maqomi, shuningdek uning aʼzolariga nisbatan talablar Markaziy bank boshqaruvi tomonidan belgilanadi.
Markaziy bank boshqaruvi tomonidan berilgan vakolatlar doirasida Auditorlik qoʻmitasi Markaziy bankda moliyaviy hisobotlar tayyorlanishi jarayoni va ichki audit xizmati faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish, xatarlarni boshqarish va ichki nazorat tizimlarining samaradorligini kuzatib borish hamda tashqi auditning sifatli oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha vazifalarni bajaradi.
Auditorlik qoʻmitasi oʻz faoliyatida Markaziy bank boshqaruviga hisobdordir.
Markaziy bank tasarrufidagi tashkilotlar faoliyatining ichki auditi yiliga kamida bir marta oʻtkaziladi.
