Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
01.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki tomonlama doʻstlik munosabatlarini mustahkamlash, ikki mamlakat oʻrtasidagi ilmiy-texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish istagida,
fan va texnologiyalarni rivojlantirish zarurligi va ularning iqtisodiy oʻsish uchun muhimligini eʼtirof etgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitimning maqsadi ilmiy-texnikaviy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, har ikkala mamlakatdagi ilmiy hamjamiyatlar oʻrtasidagi munosabatlarni oʻrnatish va kengaytirish, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan sohalarda ilmiy-texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish hisoblanadi.
2-modda
Tomonlar fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni quyidagi shakllarda rivojlantiradilar va mustahkamlaydilar:
fan, texnologiyalar va ishlab chiqarishdagi yutuqlarni oʻrganish maqsadida tadqiqotchilar va ekspertlar bilan almashish, bilimlarni tarqatish va maʼruzalar oʻtkazish;
tadqiqot institutlari, oliy taʼlim muassasalari va korxonalarni oʻzaro qiziqish uygʻotadigan loyihalarga nisbatan tadqiqotlar, texnologik innovatsiyalar va mahsulotlarni ishlab chiqish sohasida hamkorlik oʻrnatishga ragʻbatlantirish;
ilmiy-texnologik tadqiqotlar, ishlanmalar va innovatsiyalar sohasidagi oʻzaro qiziqish uygʻotadigan loyihalarni oʻzarolik prinsipidan kelib chiqqan holda, shuningdek, Tomonlardan har birining mavjud moliyalashtirish manbalaridan kelib chiqqan holda birgalikda moliyalashtirish;
akademik konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, oʻquv kurslari va koʻrgazmalarni tashkil etish va ularda ishtirok etish;
ilmiy-texnikaviy maʼlumotlar, gʻoyalar, adabiyotlar, nashrlar, materiallar va uskunalar bilan almashinuv;
ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etish sohasida qoʻshma ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazlari, laboratoriyalar va texnoparklarni tashkil etish;
Tomonlar davlatlarida ilmiy-texnikaviy sohada qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda yangi va yuqori texnologiyalarni ilgari surish;
ilmiy-texnikaviy hamkorlikning oʻzaro manfaatli boshqa shakllari.
3-modda
Mazkur Bitimning qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar oʻz vakolatli organlarini tayinlaydilar:
Xitoy tomonidan — Xitoy Xalq Respublikasi Fan va texnologiyalar vazirligi;
Oʻzbekiston tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi.
Vakolatli organlar oʻzgargan taqdirda, Tomonlar bir-birlarini diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladilar.
4-modda
Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga va ularning davlatlari ishtirokchisi hisoblangan xalqaro shartnomalarga muvofiq Tomonlar intellektual faoliyat natijalarini muhofaza qilish, birgalikda olingan intellektual mulk va oldingi intellektual mulkni himoya qilishni taʼminlash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
5-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish doirasida birgalikdagi faoliyat natijasida olingan ilmiy-texnikaviy maʼlumot uchinchi shaxslarga boshqa Tomonning yozma roziligi bilan berilishi mumkin, tijorat sirini tashkil etadigan maʼlumotlar bundan mustasno.
6-modda
Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun boshqa Tomon davlatiga yuborilgan barcha shaxslar boʻlib turgan davlatda amalda boʻlgan qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilish majburiyatini oladilar.
7-modda
Mazkur Bitimni qoʻllash va (yoki) talqin qilish bilan bogʻliq nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar yoki muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra mazkur Bitimning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim besh yil muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitimning amal qilishi, basharti Tomonlardan biri tegishli muddat tugagunga qadar kamida uch oy oldin yozma shaklda boshqa Tomonni uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali xabardor qilmasa, keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Har qaysi Tomon Bitimni boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali bekor qilishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi bunday xabarnoma tegishli Tomon tarafidan olingan sanadan oʻttiz kun oʻtgach tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi 5-moddaning amal qilishiga va mazkur Bitim amal qilishi vaqtida amalga oshirilayotgan va uning tugallanish vaqtida yakunlanmagan dasturlar, loyihalarga daxl qilmaydi.
10-modda
Mazkur Bitim kuchga kirgan kundan eʼtiboran Pekin shahrida 1992-yil 13-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning amal qilishi tugatiladi.
Toshkent shahrida 2019-yil 1-noyabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
