7-modda. Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining zimmasiga mazkur yer uchastkasining sanitariya holati va obodonlashtirilishi uchun javobgarlik yuklatiladi.
Har bir koʻp kvartirali uyning kadastr pasportida koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek yer maydonining kadastr rejasi majburiy tartibda boʻlishi shart.
Koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi boʻlinmasdir va mustaqil yer uchastkalariga ajratilishi mumkin emas.
Yangi qurilayotgan obyektlar uchun koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasi maydonining oʻlchami shaharsozlik normativlarining talablariga muvofiq, binolar oʻrtasidagi eng kam yongʻinga qarshi va sanitar oraliq masofani taʼminlash, mol-mulkning barcha qismlariga kirish sharoitlaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari koʻp kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotning, boshqaruvchining, koʻp kvartirali uy bevosita joylarning mulkdorlari tomonidan boshqarilgan taqdirda, koʻp kvartirali uy kengashining, uy-joy mulkdorlari shirkati boshqaruvining (bundan buyon matnda koʻp kvartirali uyni boshqarish organi deb yuritiladi) murojaatidan keyin oʻttiz kundan kechiktirilmagan muddatda koʻp kvartirali uyga tutash yer uchastkasining chegaralari va oʻlchamlarini belgilashi hamda koʻp kvartirali uyni boshqarish organiga bunday yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini belgilovchi zarur hujjatlarni berishi shart.
