39-modda. Shirkat aʼzosining shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishidagi vakili
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Shirkatning boshqa aʼzosi yoki shirkat aʼzosining oddiy yozma shaklda rasmiylashtiriladigan ishonchnomasiga ega boʻlgan uchinchi shaxs shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida shirkat aʼzosining vakili boʻlishi mumkin.
Shirkat aʼzosi boʻlgan jismoniy shaxsning nomidan ishonchnoma uning shaxsiy imzosi bilan beriladi. Shirkat aʼzosi boʻlgan yuridik shaxsning nomidan ishonchnoma rahbar imzosi bilan shu yuridik shaxs muhri (mavjud boʻlgan taqdirda) qoʻyilgan holda beriladi.
Ishonchnomada tegishli koʻp kvartirali uydagi ifoda etilayotgan joy mulkdori va uning vakili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ismi yoki nomi, yashash joyi yoki turgan joyi, pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga oid maʼlumotlar) boʻlishi kerak.
Ishonchnoma shirkat aʼzosining vakiliga shirkat aʼzolarining bitta shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida yoki ishonchnomada koʻrsatilgan vaqt davomida barcha yigʻilishlarida shirkat aʼzosining nomidan va uning manfaatlarini koʻzlab soʻzga chiqish hamda bitta yigʻilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan yoxud barcha hollarda ovoz berish vakolatini berishi mumkin.
Shirkat aʼzosining ishonchnomasi uch yildan koʻp boʻlmagan muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, u ishonchnoma berilgan kundan eʼtiboran bir yil davomida oʻz kuchini saqlab qoladi. Berilgan muddati koʻrsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Bir shaxs shirkat aʼzolari umumiy yigʻilishida shirkat aʼzolaridan bir nechtasining vakili boʻlishi mumkin. Agar bir shaxs shirkat aʼzolaridan bir nechtasining vakili boʻlsa, uning ovozlari soni u manfaatlarini ifodalayotgan shirkat aʼzolarining ovozlari soniga koʻpayadi. Bunda shirkat aʼzolarining vakili shirkat aʼzolarining umumiy yigʻilishida oʻzi manfaatlarini ifodalayotgan har bir shirkat aʼzosining nomidan alohida-alohida ovoz berish huquqiga ega.
