28-modda. Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi bilan joylarning mulkdorlari oʻrtasida har bir joy mulkdori bilan ushbu Qonun talablariga muvofiq yozma shaklda, umumiy yigʻilish qarorlarida koʻrsatilgan shartlar asosida tuziladi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi boʻyicha boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi joylar mulkdorlarining topshirigʻiga koʻra, umumiy mol-mulkni boshqarish, lozim darajada saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash boʻyicha kelishilgan muddat ichida haq evaziga xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarish, koʻp kvartirali uyni boshqarish maqsadiga erishishga qaratilgan boshqa faoliyatni amalga oshirish majburiyatini oʻz zimmasiga oladi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasida quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
oʻziga nisbatan boshqaruv amalga oshiriladigan umumiy mol-mulkning tarkibi, koʻp kvartirali uyning manzili;
umumiy mol-mulkni saqlashga, undan foydalanishga va uni taʼmirlashga oid xizmatlar hamda bajariladigan ishlar roʻyxati, mazkur roʻyxatni oʻzgartirish tartibi;
shartnoma narxini belgilash tartibi, shuningdek toʻlovni toʻlab berish tartibi;
boshqaruv shartnomasi boʻyicha majburiyatlarning boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi tomonidan bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish tartibi;
bajarilgan ishlar hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisobot berish tartibi va muddatlari.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi kamida bir yil, lekin koʻpi bilan besh yil muddatga tuziladi.
Koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganidan keyin taraflardan birining ushbu shartnomani tugatish toʻgʻrisidagi arizasi mavjud boʻlmagan taqdirda, bunday shartnoma uning oʻzida nazarda tutilgan ayni oʻsha muddatga va xuddi shunday shartlar asosida uzaytirilgan hisoblanadi.
Agar boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi shartnoma shartlarini bajarmasa, koʻp kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari umumiy yigʻilish qaroriga asosan koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga va boshqa boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
Boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi koʻp kvartirali uyni boshqarish shartnomasi bekor qilingan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida koʻp kvartirali uyning texnik hujjatlarini va uyni boshqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni, qoldiq pul mablagʻlarini, umumiy mol-mulk tarkibiga kiradigan joylarning kalitlarini hamda koʻp kvartirali uydan foydalanish va uni boshqarish uchun zarur boʻlgan boshqa texnik vositalarni hamda asbob-uskunalarni yangi tanlangan boshqaruvchi tashkilotga yoki boshqaruvchiga yoxud umumiy yigʻilish qarorida belgilangan koʻp kvartirali uydagi joy mulkdoriga topshirishi shart.
