26-modda. Koʻp kvartirali uy kengashining raisi
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Koʻp kvartirali uy kengashining raisi umumiy yigʻilishda koʻp kvartirali uy kengashining aʼzolari orasidan saylanadi. U koʻp kvartirali uy kengashining joriy faoliyatiga rahbarlik qiladi va umumiy yigʻilishga hisobdordir.
Koʻp kvartirali uy kengashining raisi:
umumiy mol-mulkni saqlash va undan foydalanish shartnomasini tuzish toʻgʻrisida umumiy yigʻilish tomonidan qaror qabul qilinguniga qadar mazkur shartnoma shartlari boʻyicha muzokaralarga kirishishga haqli;
umumiy mol-mulkni saqlash va undan foydalanish shartnomasini tuzish masalalari boʻyicha muzokaralarning natijalarini umumiy yigʻilish eʼtiboriga yetkazadi;
umumiy yigʻilishning bayonnomasi asosida umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlashga doir shartnomalarni tuzadi hamda joylar mulkdorlarining nomidan umumiy mol-mulk bilan bogʻliq boshqa huquqiy munosabatlarga kirishadi;
umumiy mol-mulkni saqlash hamda taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarishga doir tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, umumiy mol-mulkni saqlash va joriy taʼmirlash boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar va (yoki) bajarilgan ishlarni qabul qilish dalolatnomalarini, umumiy mol-mulkni saqlash hamda taʼmirlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish va (yoki) ishlarni bajarishning sifat normativlari hamda davriyligi buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni imzolaydi;
umumiy yigʻilishning bayonnomasi asosida mazkur koʻp kvartirali uydagi joylar mulkdorlarining vakili sifatida umumiy mol-mulk va kommunal xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sudda ishtirok etadi;
umumiy yigʻilish qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy kengashining raisiga hal etish uchun topshirilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Umumiy yigʻilish koʻp kvartirali uy kengashining raisiga va aʼzolariga mukofot toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir. Bunday qaror koʻrsatilgan mukofotni toʻlash, shuningdek uning miqdorini belgilash shartlari va tartibini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
