12-modda. Uy-joy fondi inspeksiyasining vakolatlari
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish toʻgʻrisida (O‘RQ-581-son) · Sana: 07.11.2019 · Amalda
Uy-joy fondi inspeksiyasi:
koʻp kvartirali uylarni, koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalariga, qoidalariga va gigiyena normativlariga muvofiq saqlash boʻyicha talablarga va ulardan texnik foydalanish qoidalari va normalariga rioya etilishi hamda mulkdorlar tomonidan joylarning oʻzboshimchalik bilan qayta qurilishiga va qayta rejalashtirilishiga yoʻl qoʻyilmasligi;
belgilangan qoidalarga rioya etilishi va umumiy mol-mulkni, koʻp kvartirali uylarning old tomonlarini, uylarning ichki muhandislik kommunikatsiyalarini taʼmirlash-tiklash ishlarining tizimli ravishda olib borilishi;
uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlari tomonidan tegishli xizmatlar koʻrsatishda texnik tartibga soluvchi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi;
koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlarining koʻp kvartirali uylarni kapital taʼmirlashni amalga oshirish uchun jamgʻariladigan mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
Uy-joy fondi inspeksiyasiga:
koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlariga yoki joylarning mulkdorlariga — koʻp kvartirali uylarni saqlash va ulardan texnik foydalanish qoidalarining hamda koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlarining buzilish hollarini bartaraf etish yuzasidan;
uy-joy-kommunal xizmat koʻrsatish sohasi tashkilotlariga — tegishli xizmatlar koʻrsatishda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etilishi yuzasidan bajarilishi shart boʻlgan koʻrsatmalar berish vakolatlari beriladi.
Uy-joy fondi inspeksiyasining qarorlari, uning mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
