Shahar hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini 2012-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (208-son)
20.02.2012
Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvarda 54-sonli bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizomiga hamda viloyat hokimligining 2012-yil 10-fevraldagi 03-05/004-sonli yigʻilish bayoniga asosan, shahar hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini 2012-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish maqsadida qaror qilaman:
1. Shahar hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati (DYXXX) organlaridan roʻyxatdan oʻtkazilgan avtomototransport vositalari 2012-yil majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, mikroavtobuslar va oʻrindiq joylari soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ulardagi tirkamalar:
bir yilda kamida ikki marta;
b) ishlab chiqarilganiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari):
ikki yilda kamida bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalar (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari):
bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositalari:
shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etish;
transport vositalari DYXHX organlarida roʻyxatdan oʻtgan kundan boshlab ulardan foydalanishning birinchi yili mobaynida texnik koʻrikdan oʻtkazilmasligi belgilab qoʻyilsin.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan — 30-martgacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan — 31-oktabrgacha;
yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
1-martdan — 30-iyungacha;
jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
1-yanvardan — 31-avgustgacha oʻtkazilsin.
Texnik koʻrikda belgilangan muddatda oʻtkazish shaxar Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlimi (X. Xudoynazarov) va shahar Mudofaa ishlar boʻlimi (N. Niyozov) zimmasiga yuklatilsin.
Mazkur qarorning 2-bandi “a” qichik bandida koʻrsatilgan transport vositalari ikkinchi marta texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun yigʻim undiriladi.
Birinchi (oldingi) texnik koʻrikdan nosoz deb topilgan transport vositalari takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda yigʻim undiriladi.
4. Shahar hududida joylashgan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilot, korxona yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi uyushmalar va xoʻjalik rahbarlariga, tasarrufidagi barcha avtomototransportlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish davomida shu korxona va tashkilotda ishlovchi xodimlarning shaxsiy transport vositalarini ham birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun xodimlarning yozma roziligi bilan tegishli toʻlovlarni oylik maoshlaridan ushlab qolib tegishli hisobga raqamlarga oʻtkazish yuklatilsin.
5. Shahar hokimining birinchi oʻrinbosari (R. Ishboyev)ga
oʻz hududida texnik koʻrigini sifatli va belgilangan muddatlarda oʻtkazish uchun yetarli muhandis xodimlar va mutaxassislar bilan birgalikda haydovchi nomzodlarini tayyorlovchi oʻquv tashkilotlari, soliq inspeksiyasi, hamda Mudofaa ishlar boʻlimining xodimlarini ishtirok etishini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-sonli qarori talablariga asosan tashuvchi avtotransport vositalari haydovchilarining bir yilda bir marta 30 soatlik dastur asosida mashgʻulot oʻtishlarini qattiq nazorat ostiga olish;
hokimlik yigʻilishlarida Ichki ishlar va Mudofaa boʻlinmalarining tashkilot, korxona, yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi uyushmalar va xoʻjaliklarning texnik koʻrigi natijalari boʻyicha hisobotlarining tinglash hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va transport vositalarini texnik holatini yaxshilash chora-tadbirlarini yetarli darajada amalga oshirmagan rahbarlarga nisbatan belgilangan tartibda maʼmuriy va intizomiy choralar qoʻllash masalasini koʻrib chiqish;
aholi texnik xizmat koʻrstaish tashkiloti va uning joylardagi boʻlinmalaridan texnik koʻrik oʻtkazish davomida xodimlarini qatnashishini taʼminlash vazifalari yuklatilsin.
6. 2012-yil Davlat texnik koʻrigi uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, shuningdek joylardagi texnik koʻrik oʻtkazish komissiyalari ishini nazorat qilish boʻyicha ilovaga* muvofiq shaharning maxsus komissiya tarkibi tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
7. Shaxsiy avtoulov vositalari egalaridan undirib olinadigan toʻlovlarini qonuniy tartibda oʻz vaqtida undirib olish shahar Davlat soliq inspeksiyasi (Sh. Rajabov)ga yuklatilsin.
8. Texnik koʻrik oʻtkazish muddatlari komissiya aʼzolarining oʻrtacha oylik maoshlari asosiy ish joylarida toʻliq saqlangan holda boshqa ishlardan ozod qilinsin.
9. Joylarda oʻtkazilgan texnik koʻrik natijalari boʻyicha har oy yakuni bilan yuqori vazirlik va tashkilotlarga yozma ravishda taqdimnomalar kiritilsin hamda shahar hokimligi huzuridagi harakat havfsizligi komissiya yigʻilishlarida muhokama etib borilsin.
10. Shahar hokimining 2011-yil 31-yanvardagi 90-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb xisoblansin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R. Ishboyev zimmasiga yuklatilsin.
Shahar hokimi N. SOATOV
Termiz sh.,
2012-yil 20-fevral,
208-son
