66-modda. Bank xizmatlari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank xizmatlari koʻrsatishning umumiy shartlari, vositachilik haqi, tariflar va bank xizmatlari koʻrsatganlik uchun foiz stavkalari toʻgʻrisidagi axborot ochiq axborot boʻlib, ular bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Mazkur axborot tijorat yoki bank sirining predmeti boʻlishi mumkin emas.
Bank xizmatlari koʻrsatish shartnomasi tuzilguniga qadar isteʼmolchiga ular toʻgʻrisidagi axborotning toʻliq oshkor qilinishi taʼminlanishi kerak. Koʻrsatiladigan bank xizmatlarining shartlari va qiymati haqidagi axborotni mijozga taqdim etishni rad qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Banklar kredit berish qanday shartlar asosida amalga oshirilayotganligi haqida, shu jumladan kreditning (qarzning) toʻliq qiymati toʻgʻrisida mijozga axborot berishi kerak.
Kreditning (qarzning) toʻliq qiymati deganda hisob-kitob qilish chogʻida qarz oluvchining kredit (qarz) olish bilan bogʻliq toʻlovlari hisobga olinadigan ishonchli, yillik va samarali tarzda hisoblab chiqarilgan foiz stavkasi tushuniladi. Kreditning (qarzning) toʻliq qiymati hisob-kitobiga qarz oluvchining toʻlovlari, shu jumladan uchinchi shaxslar foydasiga toʻlovlari, agar qarz oluvchining bunday toʻlovlar boʻyicha majburiyati shartnoma shartlaridan kelib chiqsa va (yoki), agar kredit (qarz) berish bunday toʻlovlarni amalga oshirishga bogʻliq qilib qoʻyilgan boʻlsa, kiritiladi.
Bank xizmatlari koʻrsatishning umumiy shartlaridagi oʻzgarishlar ular kuchga kirishidan kamida oʻn kun oldin bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak, shuningdek foiz stavkalarining va valyutalarni ayirboshlash kursining oʻzgarishi toʻgʻrisidagi axborot ular oʻzgargan kuni eʼlon qilinadi.
