31-modda. Banklarning chet eldagi shuʼba banklari, filiallari va vakolatxonalari
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Banklar Markaziy bankning ruxsatnomasi bilan quyidagi hollarda chet elda shuʼba banklar ochishi va filiallar tashkil etishi, chet el banklarining kapitalida ishtirok etishi, shu jumladan chet el banklarini tashkil etishda ishtirok etishi mumkin, bundan mikromoliya banklari mustasno:
Markaziy bank va qabul qiluvchi mamlakatning bank nazorati organi bilan axborot ayirboshlash toʻgʻrisida kelishuv mavjud boʻlganda;
qabul qiluvchi mamlakatning qonunchilik va uning qoʻllanilish uslubiyoti Markaziy bank tomonidan shuʼba bank, filial ustidan nazorat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilmaganda;
bankning boshqaruvi va moliyaviy holati shuʼba bank, filial orqali amalga oshiriladigan, rejalashtirilayotgan faoliyat uchun yetarli boʻlganda;
prudensial normativlar koʻrsatkichlariga rioya etilganda va ular oʻsib borganda hamda banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunning boshqa talablariga muvofiq boʻlganda.
Mikromoliya banklariga chet elda banklar, vakolatxonalar ochish va filiallar tashkil etish, chet el banklarining kapitalida, shu jumladan chet el banklarini tashkil etishda ishtirok etish taqiqlanadi.
Bankning shuʼba banklari hamda vakolatxonalari ular ochiladigan va (yoki) tashkil etiladigan mamlakat qonunchiligiga muvofiq ochiladi va (yoki) filiallari tashkil etiladi.
Bank tomonidan chet elda vakolatxona ochish, shuʼba bankni, vakolatxonani yoki filialni yopish, shuningdek chet el banki aksiyalarini sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bank bunday qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻttiz kun ichida Markaziy bankni xabardor qilishi va ushbu qaror bankning moliyaviy barqarorligiga qanday taʼsir koʻrsatishi toʻgʻrisida axborot taqdim etishi shart.
Markaziy bank qabul qiluvchi mamlakatdagi bank nazorati organini Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxsi boʻlgan, mazkur mamlakat hududida shuʼba bank, vakolatxona yoki filial orqali faoliyat koʻrsatayotgan bankning litsenziyasi chaqirib olinayotganligi toʻgʻrisida xabardor qilishi kerak.
