3-modda. Asosiy tushunchalar
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
ariza beruvchi — muassis (muassislar) tomonidan bank tashkil etish boʻyicha uning (ularning) manfaatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ifodalash uchun vakil qilingan shaxs yoki ushbu Qonunga muvofiq oʻz faoliyatini oʻzgartirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga murojaat etgan bank yoxud mikromoliya tashkiloti;
bank — bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, toʻlovlarni amalga oshirish, omonatlarga (depozitlarga) pul mablagʻlarini jalb etish, oʻz nomidan kreditlar (qarzlar) berish boʻyicha bank faoliyati sifatida aniqlangan operatsiyalar majmuini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti boʻlgan yuridik shaxs. Agar ushbu Qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Qonunning banklarga nisbatan belgilangan qoidalari islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
banklar guruhi — moliya institutlarining yuridik shaxs boʻlmagan birlashmasi boʻlib, bunda asosiy bank boshqa moliya institutlarini nazorat qiladi;
bank hisobvaragʻi — bank tomonidan shartnomaga muvofiq mijozga ochilgan hisobvaraq boʻlib, unga koʻra bank mijozning hisobvaragʻiga tushayotgan pul mablagʻlarini qabul qilish va hisobga kiritish, mijozning hisobvaragʻidan tegishli pul mablagʻlarini oʻtkazish hamda berish va hisobvaraq boʻyicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi topshiriqlarini bajarish majburiyatini zimmasiga oladi;
bankning barqaror moliyaviy holati — bankning moliyaviy oqimlar mutanosibligini, toʻlov qobiliyatini, likvidliligi va rentabelli faoliyatini saqlab turish uchun mablagʻlarning yetarliligini, shuningdek barcha prudensial normativlar bank tomonidan bajarilishini ifodalovchi holati;
bilvosita egalik qiluvchi (oluvchi) — bankning aksiyalariga oʻzi nazorat qiladigan boshqa shaxs orqali egalik qiluvchi (aksiyalarni oluvchi) shaxs;
islomiy bank faoliyati — banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka hamda islomiy moliya standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan bank faoliyati;
islomiy moliya standartlari — islomiy moliyalashtirishni amalga oshirish standartlarini belgilovchi xalqaro tashkilotlarning qoidalariga hamda milliy qonunchilikka muvofiq Markaziy bank va (yoki) boshqa vakolatli organ tomonidan qabul qilingan islomiy moliyaga oid qoidalar toʻplami;
