29-modda. Banklarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi filiallari va boshqa alohida boʻlinmalari
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Banklar Oʻzbekiston Respublikasida filiallar, bank xizmatlari ofislari va boshqa alohida boʻlinmalar ochishi mumkin.
Bank filiali bankning yuridik shaxs boʻlmagan, bank nomidan bank faoliyatini amalga oshiruvchi va bank tomonidan oʻziga berilgan vakolatlar doirasida harakat qiluvchi alohida boʻlinmasidir.
Banklar oʻz filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik yoki tugatganlik toʻgʻrisida Markaziy bankka belgilangan tartibda xabarnoma yuborishi shart.
Bank filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik toʻgʻrisidagi xabarnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
filial yoki bank xizmatlari ofisini ochish toʻgʻrisida bankning vakolatli organining qarori;
filial rahbari va bosh buxgalteri toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (filial ochilgan taqdirda);
filial yoki bank xizmatlari ofisi joylashgan yerdagi Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasining filial yoki bank xizmatlari ofisi binolari, ularning muhofaza qilinishi taʼminlanganligi, uskunalar, tashkiliy-texnika vositalari bilan jihozlanganligining va dasturiy taʼminotning Markaziy bank talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi.
Bank filiali yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik toʻgʻrisidagi xabarnomani Markaziy bankka yuborish uchun quyidagi talablar va shartlarga rioya etilishi lozim:
bankning barqaror moliyaviy holati;
filial rahbari va bosh buxgalterining malakasi Markaziy bank tomonidan belgilangan malaka talablariga muvofiqligi (filial ochilgan taqdirda);
filial yoki bank xizmatlari ofisi binolari, ularning muhofazasi taʼminlanishi, uskunalar, tashkiliy-texnika vositalari va dasturiy taʼminoti bilan jihozlanishi Markaziy bank talablariga muvofiqligi.
Bank filiali, uning faoliyati boshlanganligi toʻgʻrisidagi axborot Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Bank filialini yoki bank xizmatlari ofisini ochganlik va tugatganlik toʻgʻrisida Markaziy bankni belgilangan tartibda xabardor qilmay amalga oshiriladigan faoliyat qonunga xilofdir.
Bank tomonidan filialni tugatganlik toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bank mijozlarni filial tugatilishidan oʻn besh kun oldin xabardor qilishi va ularning oldidagi majburiyatlar bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrishi yoki bu majburiyatlarni mijoz bilan kelishilgan holda boshqa filialga oʻtkazishi shart.
