27-modda. Xabardor qilish majburiyati
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
Bank bankning ustav kapitalidagi ulushlarga bevosita va bilvosita egalik qiluvchilarning, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorning shaxsi va ulushining miqdori toʻgʻrisidagi mavjud maʼlumotlarni Markaziy bankning soʻrovnomasiga binoan taqdim etishi shart.
Bank aksiyalariga bevosita va bilvosita egalik qiluvchining, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdorning banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini baholashdan oʻtkazish maqsadida Markaziy bankning yoki bankning soʻrovnomasiga binoan ushbu shaxslar:
tadbirkorlik faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shu jumladan yillik moliyaviy hisobotni;
oʻziga aloqador shaxslar va egalik qiluvchi bankka nisbatan birgalikda harakat qilayotgan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek Markaziy bankka zarur boʻlgan boshqa axborotni taqdim etishi shart.
Markaziy bank predmeti yoki mazmuni quyidagilardan iborat boʻlgan har qanday tuzilgan kelishuv toʻgʻrisida xabardor etilishi kerak:
bank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishlarida yoki bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning umumiy yigʻilishlarida ovoz berish huquqini kelishilgan holda amalga oshirish;
bank boshqaruvi organi aʼzolarining yoki bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning kelishilgan holda faoliyat koʻrsatishi;
bank boshqaruvi yoki kuzatuv kengashi, shuningdek bank islomiy moliya kengashi aʼzolarining nomzodlarning yoxud bank ustidan nazoratni amalga oshiruvchi shaxslarning koʻpchiligi nomzodini koʻrsatish huquqini amalga oshirish.
Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan xabarnoma kelishuv imzolangan sanadan eʼtiboran besh ish kuni ichida yoki uning mavjudligini oshkor etuvchi holatlar aniqlangan paytdan eʼtiboran darhol Markaziy bankka kelishuv taraflari yoki bankning boshqaruv organlari tomonidan yuborilishi kerak.
Hal qiluvchi egalikka bevosita yoki bilvosita egalik qiluvchi, shu jumladan oxirgi benefitsiar mulkdor aksiyadorning banklar va bank faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligini baholashga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan holatlar toʻgʻrisida shunday holatlar vujudga kelgan kundan eʼtiboran besh ish kuni ichida Markaziy bankni xabardor qilishi kerak.
