11-modda. Bankning nomi
“Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-580-son) · Sana: 05.11.2019 · Amalda
“Bank” atamasidan yoki mazkur atama qoʻshib yasalgan soʻz birikmalaridan faqat Banklarning davlat reyestriga kiritilgan yuridik shaxslar tomonidan firma nomida yoxud tovar belgisida (xizmat koʻrsatish belgisida) yoki Internet jahon axborot tarmogʻining “UZ” domen zonasida foydalaniladi.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaga (litsenziyalarga) ega boʻlgan yuridik shaxslar “bank” yoki “mikromoliya banki” atamasini oʻzining firma nomiga qoʻshishi shart.
Islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan banklar oʻzining firma nomida yoxud xizmat koʻrsatish belgisida “islomiy” atamasidan yoki mazkur atama qoʻshib yasalgan soʻz birikmalaridan foydalanish huquqiga ega, bundan bir vaqtning oʻzida islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga va bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan banklar mustasno.
Bank faoliyatiga doir tegishli litsenziyaga (litsenziyalarga) ega boʻlmagan yuridik shaxslar oʻzining firma nomida yoxud xizmat koʻrsatish belgisida “bank” atamasidan yoki mazkur atama qoʻshib yasalgan soʻz birikmalaridan, shu jumladan islomiy bank faoliyatini amalga oshirishni anglatuvchi soʻzdan, soʻz birikmalaridan foydalanishga haqli emas.
