Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida (3192-son)
04.11.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 4-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3192]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PF-5780-son “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi PQ-4417-son “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir N. XUSANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-oktabr,
40-2019-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 11-oktabrdagi 40-2019-B-son buyrugʻiga ILOVA
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining
ROʻYXATI
T/r Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan loyihalari boʻyicha moliyaviy yordam koʻrsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari 1. Nogironligi boʻlgan shaxslar va pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (erkaklar uchun 58 yoshdan 60 yoshga toʻlishgacha va ayollar uchun — 53 yoshdan 55 yoshga toʻlishgacha pensiyaga chiqishdan oldingi yosh) 2. Oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogironligi boʻlgan bolalari bor yolgʻiz ota yoki ona, shuningdek koʻp bolali oilalarning ota-onalari 3. Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining davlat grantlari boʻyicha taʼlim olgan bitiruvchilari 4. Odam savdosidan jabrlanganlar 5. Kam taʼminlangan oilaning mehnatga layoqatli oila aʼzolari 6. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar 7. Mehnat organlari tomonidan ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslar 8. Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslar
Mazkur Roʻyxat Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi bilan kelishilgan.
Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 11-oktabr
“Mahalla” xayriya jamoat fondi raisi Sh. JAVLONOV
2019-yil 11-oktabr
Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori B. MAMATQULOV
2019-yil 11-oktabr
Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori v.b. U. ISMAILOV
2019-yil 11-oktabr
