4-modda. Asosiy tushunchalar
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
benefitsiar — pul mablagʻlarini oluvchi shaxs;
valyutalash sanasi — tashabbuskor tomonidan toʻlov hujjatida koʻrsatilgan, benefitsiarning bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlari oʻtkazilishi kerak boʻlgan sana;
identifikatsiya vositasi — farmoyishni joʻnatuvchining elektron raqamli imzosi yoki harflar, raqamlar yoki ramzlar uygʻunligidan iborat noyob identifikator yoxud toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini identifikatsiyalash uchun belgilangan hamda u bilan kelishilgan boshqa identifikator (shaxsiy parol, bir martalik identifikatsiya kodi, biometrik identifikatsiyalash vositasi);
kliring — toʻlov tizimi ishtirokchilarining pulga doir oʻzaro talablari va majburiyatlarini yigʻish, taqqoslash hamda hisobga oʻtkazish jarayoni;
masofaviy xizmat koʻrsatish tizimi — elektron xizmatlardan foydalanish uchun toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchi va ushbu xizmatlarni yetkazib beruvchi oʻrtasidagi aloqani taʼminlaydigan telekommunikatsiya vositalari, raqamli va axborot texnologiyalari, dasturiy taʼminot va uskunalar majmui;
operatsiya kuni — farmoyishlarni qabul qilish va ularga ishlov berish amalga oshiriladigan vaqtning davri;
tashabbuskor — toʻlovni amalga oshirish uchun farmoyish bergan shaxs;
toʻlov — pul majburiyatini naqd pul mablagʻlari bilan bajarish yoxud pul mablagʻlarini toʻlov vositalaridan foydalangan holda oʻtkazish;
toʻlov agenti — bank yoki toʻlov tashkiloti bilan toʻlov xizmatlari koʻrsatish uchun agentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs;
toʻlov vositasi — toʻlovni amalga oshirish uchun asos boʻladigan yoki foydalaniladigan toʻlov hujjati yoki elektron toʻlov vositasi;
toʻlov subagenti — toʻlov agenti bilan toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha subagentlik shartnomasini tuzgan, bank hisoblanmaydigan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor;
toʻlov tashkiloti — bank hisoblanmaydigan, toʻlov xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha faoliyatni amalga oshirishga vakolatli boʻlgan yuridik shaxs;
toʻlovchi — toʻlov kimning hisobidan amalga oshirilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs;
toʻlov xizmati — toʻlov xizmatini yetkazib beruvchining toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga koʻrsatadigan xizmati;
toʻlov xizmatlari bozori — toʻlov xizmatlarini koʻrsatish va ulardan foydalanish, shuningdek toʻlov vositalarini chiqarish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq munosabatlar majmui;
