29-modda. Inspeksiya tekshiruvlarini oʻtkazish tartibi
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Markaziy bank toʻlov tizimlari operatorlarining va toʻlov tashkilotlarining faoliyatini bir yilda koʻpi bilan bir marta inspeksiya tekshiruvlaridan oʻtkazishga haqli.
Muhim toʻlov tizimining uzluksiz faoliyat koʻrsatishida buzilishlar boʻlgan taqdirda Markaziy bank navbatdan tashqari inspeksiya tekshiruvini oʻtkazishga haqli.
Inspeksiya tekshiruvlari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatining ayrim masalalari boʻyicha oʻtkazilishi yoki kompleks tekshiruvlar boʻlishi mumkin.
Markaziy bankning vakolatli vakillari toʻlov tizimlari operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini inspeksiya tekshiruvidan oʻtkazish chogʻida quyidagi huquqlarga ega:
hujjatlarni olish va tekshirish;
zarurat boʻlganda, tekshiruv materiallariga ilova qilish uchun hujjatlardan koʻchirma nusxalar olish;
faoliyatga doir masalalar boʻyicha ogʻzaki va yozma tushuntirishlar olish;
faoliyatni amalga oshirish joyiga kirish;
tashkilotning axborot tizimlariga kirish, shu jumladan axborotni elektron shaklda olish (elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturning boshlangʻich matnlaridan tashqari).
Inspeksiya tekshiruvi yakunlari boʻyicha Markaziy bankning vakolatli vakillari tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, toʻlov tizimi operatori va toʻlov tashkiloti faoliyati toʻgʻrisidagi umumiy axborotni, tekshiruv jarayonida aniqlangan qoidabuzarliklar haqidagi axborotni oʻz ichiga olgan tekshiruv dalolatnomasini tuzadi.
Inspeksiya tekshiruvini oʻtkazish muddati oʻttiz kundan oshishi mumkin emas.
