26-modda. Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish tartibi
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish (qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish, oʻzgartirish) tashkilot muassislarining (ishtirokchilarining) qaroriga koʻra Markaziy bankni xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
Toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, toʻlov tashkiloti quyidagi hujjatlarni taqdim etgan holda Markaziy bankni xabardor etadi:
toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror;
toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish shartlari, shakllari, tartibi va muddatlari bayon etilgan hujjatlar;
toʻlov tashkilotini qayta tashkil etish oqibatlarining moliyaviy prognozi;
auditorlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq auditorlik hisoboti;
qayta tashkil etish natijasida tuziladigan toʻlov tashkilotining yaqin ikki kalendar yil uchun biznes-rejasi;
qayta tashkil etish natijasida tuziladigan toʻlov tashkilotining toʻlov tizimi ishtirokchilari bilan hamkorligi tartibi.
Markaziy bank toʻlov tashkiloti tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ular taqdim etilgan kundan eʼtiboran oʻn besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqish natijalari boʻyicha tavsiya berish huquqiga ega.
Qayta tashkil etilayotgan toʻlov tashkilotlari Markaziy bankka qayta tashkil etish toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun mobaynida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan oʻzining rasmiy veb-saytida amalga oshirilayotgan qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi tegishli axborotni eʼlon qilishi shart.
Qayta tashkil etish natijasida tuzilgan toʻlov tashkilotini litsenziyalash ushbu Qonun talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
