19-modda. Toʻlov agentlari va toʻlov subagentlari orqali toʻlov xizmatlarini koʻrsatish
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Banklar va toʻlov tashkilotlari toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchilarga toʻlov xizmatlarini toʻlov agenti va toʻlov subagenti orqali koʻrsatishga haqli.
Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati toʻlov agenti yoki toʻlov subagenti tomonidan quyidagi talablarga rioya etilgan holda koʻrsatiladi:
toʻlov xizmatini bankning yoki toʻlov tashkilotining nomidan koʻrsatish;
toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga toʻlov xizmati koʻrsatilganligi faktini tasdiqlovchi va zarur rekvizitlarni oʻz ichiga olgan hujjatni taqdim etish;
toʻlov agenti tomonidan bank yoki toʻlov tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq, toʻlov subagenti tomonidan esa toʻlov agenti bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq haq undirish.
Toʻlov xizmatlari koʻrsatish boshlanguniga qadar toʻlov agenti yoki toʻlov subagenti tomonidan toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga quyidagi axborot taqdim etiladi:
toʻlov xizmatlarining nomi va ushbu xizmatlar koʻrsatiladigan joyning manzili;
soliq toʻlovchining nomi, identifikatsiya raqami, bankning, toʻlov tashkilotining va toʻlov agentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami, toʻlov xizmatlari toʻlov subagenti tomonidan koʻrsatilgan taqdirda esa soliq toʻlovchining nomi yoki familiyasi, ismi, otasining ismi, identifikatsiya raqami, toʻlov subagentining joylashgan yeri (pochta manzili), telefon raqami;
bankning yoki toʻlov tashkilotining litsenziyasi raqami;
toʻlov xizmatlari koʻrsatilganda undiriladigan haqning miqdori.
Banklar va toʻlov tashkilotlari toʻlov agentlari hamda toʻlov subagentlarining reyestrlarini yuritadi. Toʻlov agenti jalb etilgan toʻlov subagentlarini mazkur reyestrga kiritish uchun ushbu subagentlar haqidagi axborotni bankka yoki toʻlov tashkilotiga taqdim etadi.
Banklar hamda toʻlov tashkilotlari toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir agentlik shartnomasi shartlariga toʻlov agenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Toʻlov agenti toʻlov xizmatlari koʻrsatishga doir subagentlik shartnomasi shartlariga toʻlov subagenti tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Toʻlov xizmatlari koʻrsatish boʻyicha toʻlov agenti bilan agentlik shartnomalarini tuzgan bank va toʻlov tashkiloti Markaziy bankka ushbu xizmatlar, shuningdek oʻzining toʻlov agentlari hamda toʻlov subagentlari haqidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
