17-modda. Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchiga qoʻyiladigan talablar
Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida (O‘RQ-578-son) · Sana: 01.11.2019 · Amalda
Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlarini faqat toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq koʻrsatadi.
Toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishi shartlari va rekvizitlarini toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi tomonidan oʻzgartirish taqiqlanadi.
Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining farmoyishisiz toʻlovni boshlashga haqli emas.
Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchiga vositachilik haqining miqdori haqida toʻlov xizmatlari koʻrsatilguniga qadar axborot taqdim etadi.
Toʻlov xizmatlari koʻrsatganlik uchun vositachilik haqini toʻlov summasidan undirish taqiqlanadi, bundan benefitsiar va benefitsiarning toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchisi oʻrtasidagi shartnomada toʻlov summasidan chegirib tashlash yoʻli bilan vositachilik haqini undirish sharti nazarda tutilgan hollar mustasno. Benefitsiarning toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchisi benefitsiarning talabiga koʻra uni qabul qilingan toʻlov summasi va undan amalga oshirilgan chegirmalar haqida xabardor qiladi.
Toʻlov xizmatlarini yetkazib beruvchi toʻlov xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi shartlarga rioya etilishini taʼminlaydi:
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchini lozim darajada tekshirishdan oʻtkazish va identifikatsiya qilish;
toʻlov hujjatida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikda toʻlovchi va benefitsiar boʻyicha nazarda tutilgan rekvizitlarning mavjud boʻlishi, bundan toʻlov tashkilotining pul mablagʻlarini joʻnatuvchi tomonidan bank hisobvaragʻini ochmagan holda toʻlovlarni amalga oshirish uchun naqd pul mablagʻlarini qabul qilish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishi mustasno;
toʻlovchini va (yoki) benefitsiarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maʼlumotlar toʻlov xizmatlari koʻrsatilganidan keyin kamida besh yil davomida saqlanishini taʼminlash;
toʻlov xizmatlaridan foydalanuvchining identifikatsiya vositalarini himoya qilish boʻyicha zarur huquqiy, tashkiliy va texnik choralar koʻrish;
