35-modda. Tarif imtiyozlari berish
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining tashqi savdo siyosatini uning bojxona hududi doirasida amalga oshirishda:
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksida belgilangan tegishli bojxona rejimlari doirasida bojxona nazorati ostida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga vaqtincha olib kiriladigan yoki undan vaqtincha olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq chet elda investitsiya sohasidagi hamkorlik obyektlarini qurish uchun butlovchi buyumlar tarkibida olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan davlat ehtiyojlari uchun eksportga ajratilgan hajmlarda olib chiqiladigan tovarlarga;
Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning chet el korxonalarining ustav fondlariga ulush sifatida olib kiriladigan tovarlarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitimlarda nazarda tutilgan hollarda shunday korxonalar olib chiqib ketadigan oʻzlari ishlab chiqargan tovarlarning ayrim turlariga nisbatan ilgari toʻlangan bojni qaytarish, boj stavkasini kamaytirish va alohida hollarda bojdan ozod qilish kabi tarif imtiyozlari berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 29-avgust,
470-I-son
