33-modda. Boj undirishdan ozod qilish
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Boj undirishdan quyidagilar ozod qilinadi:
xalqaro yoʻnalishda yuklar, bagaj va yoʻlovchilar tashiydigan transport vositalari, shuningdek ularning yoʻlda, oraliq toʻxtash joylarida bir maromda ishlashi uchun zarur boʻlgan yoki transport vositalarida yuz bergan avariyalarga (nosozliklarga) barham berish uchun chet ellarda sotib olingan moddiy-texnika taʼminoti buyumlari va asbob-anjomlari, yonilgʻi, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa mol-mulk;
qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining valyutasi, chet el valyutasi (numizmatika uchun ishlatiladigan valyuta bundan mustasno), shuningdek qimmatli qogʻozlar;
dengizda ov bilan band boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi kemalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan ijaraga olingan (fraxt qilingan) kemalarni taʼminlash maqsadida bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan moddiy-texnika taʼminoti buyumlari va anjomlar, yonilgʻi, oziq-ovqat va boshqa mol-mulk, shuningdek ularning Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududiga olib kiriladigan ov mahsulotlari;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda davlat mulkiga aylantirilishi lozim boʻlgan tovarlar;
chet davlatlar vakillarining, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari yoki xalqaro shartnomalariga muvofiq boj toʻlamasdan bularni olib kirish huquqiga ega boʻlgan jismoniy shaxslarning rasmiy yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalanishiga moʻljallab bojxona hududiga olib kiriladigan yoki bu hududdan olib chiqiladigan buyumlar;
tabiiy ofatlar, qurolli mojarolar, baxtsiz hodisalar yoki falokatlar yuz berganida yordam koʻrsatish uchun insonparvarlik yordami va begʻaraz texnik koʻmak sifatida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar, shuningdek davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan xayriya maqsadlarida olib kiriladigan tovarlar;
bepul oʻquv, davolash va maktabgacha tarbiya bolalar muassasalari uchun moʻljallangan oʻquv qoʻllanmalari;
uchinchi davlatlar uchun moʻljallangan va bojxona nazorati ostida Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan tranzit tartibida olib oʻtiladigan tovarlar;
bojxona qonun hujjatlariga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtiladigan va ishlab chiqarish yoki boshqa tijorat faoliyatini olib borish uchun moʻljallanmagan tovarlar;
erkin savdo rejimi oʻrnatilgan davlatlarga mansub boʻlgan va ulardan olib kiriladigan tovarlar;
