26-modda. Tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezoni
Boj tarifi toʻgʻrisida (470-I-son) · Sana: 29.08.1997 · Amalda
Agar tovarni ishlab chiqarishda ikki yoki undan ortiq mamlakat ishtirok etayotgan boʻlsa, uning ishlab chiqarilgan joyi shu tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezoniga muvofiq aniqlanadi.
Muayyan mamlakatda tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlari quyidagilardan iborat:
tovarni qayta ishlash natijasida uning Tovar nomenklaturasidagi oʻrnining (tovarning tasniflovchi kodining) dastlabki toʻrtta kod belgisining istalgan biri darajasida oʻzgarishi (umumiy qoida);
foydalanilgan materiallar qiymatining yoki qoʻshilgan qiymatning foizlardagi ulushi yetkazib berilayotgan tovar bahosining qayd etilgan ulushiga etganda (advalor ulush qoidasi) tovar qiymatining oʻzgarishi.
Quyidagilar tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlariga javob bermaydi:
saqlash yoki transportda tashish vaqtida tovarlarning but saqlanishini taʼminlash boʻyicha operatsiyalar;
tovarlarni sotish va transportda tashishga tayyorlash boʻyicha operatsiyalar (tovar turkumini maydalash, tovarlarni joʻnatishni tashkil qilish, saralash, qaytadan oʻrash);
oddiy yigʻuv operatsiyalari;
tovarlarni (tarkibiy qismlarni) aralashtirib hosil qilingan mahsulotga unga dastlabki tarkibidan jiddiy farqlantiradigan xususiyatlarni bermaslik;
yuqorida koʻrsatilgan operatsiyalarning ikkitasi yoki undan ortigʻini bir vaqtda amalga oshirish;
chorva mollarini soʻyish.
Muayyan tovarlar hamda mamlakatlar uchun yetarli darajada qayta ishlanganlik mezoni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda joriy etiladi va qoʻllaniladi.
